Комментарии к записи отключены

“G‘alati paradoks bor: yozuvchilik ham kasb – ammo maosh to‘lanmaydigan kasb”. Yozuvchi Sa’dullo Quronov bilan bolalar nasridagi muammolar haqida suhbat

O‘zbek bolalar adabiyotida turg‘unlik, yakranglik oxirgi paytlari ancha bo‘rtib, ko‘zga tashlanib qoldi. Yozilayotgan aksar kitoblar avvalgi tajribalarni takrorlayotgandek go‘yo. Ko‘z o‘ngimizdagi son-sanoqsiz mavzu-muammolarni adabiy asar vositasida yetkazadigan, tasvirlaydigan ijodkor (ayniqsa, yoshlar) kamdek, nazarimizda. Ikki yilcha avval chop etilgan “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissa va sanoqli kitoblarni aytmasa, bolalar nasrida jiddiy o‘zgarish, rivojlanish, oldinga siljish kuzatilayotgani yo‘q. Bugun shu qissasi bilan bolalar olamiga kirgan va ular uchun romanlar yozayotgan yozuvchi Sa’dullo Quronov bilan o‘zbek bolalar adabiyoti muammolari, kitobxonlik, adabiy tanqidchilik, noshirlik haqida suhbatlashdik.

– Sizni avvaliga adabiyotshunos, munaqqid deb bilardik. Modernizm, postmodernizm haqida maqolalar, she’riyat va rangtasvir sinteziga oid monografiyalar yozdingiz. Lekin kitobxonlarga ko‘proq bolalar yozuvchisi bo‘lib tanildingiz. Bir-biriga sira o‘xshamagan – shunoslar olamidan bola dunyosiga o‘tishning o‘zi bo‘ladimi(!) – qutbda turib, biri ikkinchisidan ayro jabhani baravar ushlash qiyin emasmi?

– Bilasizmi, 7–8 yillar oldin kuchli ijodiy depressiyani boshdan kechirdim. U vaqtlar endigina bir nechta maqolalarim, kichik ilmiy to‘plamim bilan adabiy jarayonga, adabiyotshunoslar safiga kirib kelgandek edim go‘yo. Har qalay, o‘zim uchun shunday tuyilgandi. Biroq ilmiy-ijodiy jarayon eyforiyalari tinib, o‘zimga va vaziyatimga biroz yuqoridan qaraganimda butunlay boshqa manzarani ko‘ra boshladim. Adabiy jurnal va gazetalarning nufuzi tushib, tiraji borgan sari kamayib borardi. Nafaqat adabiyotshunoslik, balki adabiyotning o‘zi ham jamiyatning ravishiga ta’sir qilmay qo‘ygan, tubsiz jarlik yoqasidan borayotgan sohaga o‘xshab ko‘rindi menga. “Adabiyotshunoslik mening ambitsiyalarim uchun tor” degan xayollarga ham borganman. Yo‘q, bu menga – vujudi olam-olam orzu va istaklar bilan to‘lgan yosh yigitga shunday tuyilgan, xolos! Aslida unday emasligini keyinroq, yana-da ulg‘ayib, fikr-qarashlarim teranlashganda tushunib yetdim. Hozir eslasam… kulaman.

Ha-ya, bu nega gapni ijodiy depressiyadan boshladi deb o‘ylayotgandirsiz. Gap shundaki, mana shu tushkunlik bo‘lmaganida, men bolalar adabiyotiga kirmagan, unga qo‘l urmagan bo‘lardim, balki.

2015-yili “Sharq yulduzi” jurnalidan bo‘shab, faoliyatimni “Jajji akademik” bolalar jurnalida davom ettirdim. Bolalar uchun ilmiy-ommabop mavzularda maqolalar yoza boshladim. Jajji o‘quvchi do‘stlarimning qiziqishini ko‘rib ijodiy zavqim yana-da ortardi. Men uchun birdan hammasi o‘zgardi. Bolalar uchun yozarkanman, o‘zimni jamiyat uchun kerakli shaxs sifatida tasavvur qila boshladim. Bu menga kuch berdi. Qaytaga adabiyotshunoslikda ham, yozuvchilikda ham baravar ijod qilishga ilhom keldi. Men PhD dissertatsiyasi va fantastik qissamni bir vaqtda – parallel yozdim. Ayni damda ham doktorlik dissertatsiyasi bilan birga ilmiy-fantastik roman yozyapman. Aytmoqchimanki, bu ikki qutb bir-biriga xalal bermaydi. Qaytaga, nazariy bilimlarga ega ekanim qo‘l keladi.

– Mana, “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissangiz gapingiz isboti. Asar chop etiliboq og‘izga tushdi, bolajonlarning sevimli kitobiga aylandi. Bolalar qolib, hatto biz kattalar ham ayricha ishtiyoq va qiziqish bilan o‘qidik. Kitobdagi bir qancha informatsiyalar – astronomiya, fizika, kosmosga oid nazariy ma’lumotlar va badiiy to‘qima – hammasi birlashib, o‘quvchini butunlay bo‘lak olamga yetaklaydi. Ahmadning sarguzashtlari boshlanishi uchun nima turtki bo‘ldi?

– Hammasi Nigora Nazarovaning jurnaldan ketishi bilan boshlandi. “Jajji akademik” yozuvchisiz qoldi. Kimdir jurnaldagi badiiy kontentni to‘ldirib borishi lozim edi. Jurnalimiz ilmiy-intellektual yo‘nalishda bo‘lgani uchun bu mavzuda yozadigan yozuvchining o‘zi yo‘q. Aylanib-o‘rgilib, bu vazifa mening gardanimga tushdi. Avvaliga hikoyalar yozdim, keyin “Galaktikada bir kun” asariga qo‘l urdim. Bolalar jurnalida olti yilga yaqin ishlab, astronomiya, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix kabi fanlar yo‘nalishida bolalar uchun yetti yuzga yaqin kichik maqolalar yozibman. Bu men uchun katta ijodiy xazina bo‘lib qoldi. Endi bolalarga nima yozsam o‘sha maqolalar esga keladi. Yozilajak asarim ana shu ilmiy mo‘jizalar atrofiga quriladi. “Galaktikada bir kun” ham shunday yaralgandi. Asarda tilga olingan koinot ajoyibotlari avvalo o‘zimni hayratga solgan. So‘ng bu hayratni asar orqali boshqalarga ham ulashgim kelgan. Xullas, bu asar dunyoga kelishiga “Jajji akademik” sababchi.

 O‘tgan yili va oxirgi ikki yilda ko‘pgina yo‘qotishlar qatori bolalar adabiyoti chinorlari – Qambar Ota, Anvar Obidjon, Xudoyberdi To‘xtaboyevdan ham ayrildik. O‘zbek bolalar adabiyoti ham huvullab qolgandek bo‘ldi (turg‘unlik ancha oldin boshlangan edi, menimcha). Bugun bolalarga atab arzigulik kitoblar yozayotgan, o‘zbek bolalar adabiyotini boyitaman deb maydonga tushayotganlar kamdek, nazarimda. Yo adashyapmanmi? Nega shundayligini, muammomiz ildizi nimaligini bilgim keladi.

– Muammo katta, kompleksli. Uni keltirib chiqarayotgan omillar yuzlab, balki, minglab bo‘lishi mumkin. Lekin o‘zimdan kelib chiqib, bir haqiqatni ochiq aytishim mumkin. Oldingi salaflarimiz yashab ijod qilgan davrdan farqli o‘laroq, bugun asar yozib qorinni to‘ydirib bo‘lmaydi. Ustoz ijodkorlar bilan suhbatlashganimizda ular asar yozisharkan, tirikchilik g‘amida bo‘lmaganliklarini, yozgan asarlari uchun bemalol bitta mashinaga yetadigan qalamhaqi to‘langanini aytib berishgan.

Men bolalar adabiyotidagi muammoni ko‘proq bolalar nasrida ko‘raman. She’riyatda yosh, umidli ijodkorlar ham, ularga ustoz sanaluvchi yetuk shoirlar ham mo‘l. Nasr esa og‘ir karvon – deyarli tanazzulga yuz burgan! Sababi esa oddiy: she’riyatdan farqli ravishda nasr lahzalik hissiy mushohadaning ifodasi emas. Nasriy asar yozish uchun ijodkor hamma ishini qo‘yib o‘qishi, izlanishi lozim. Asosiy vaqtini yozishga sarflashi kerak! Mana, xorij yozuvchilarning faoliyati bilan qiziqib ko‘ring. Ularning kasbi – yozuvchi. Ya’ni bir vaqtning o‘zida ham muhandis, ham yozuvchi emas (professional yozuvchilarni nazarda tutyapman). Yozuvchilik faoliyati ularning tirikchilik manbaiga aylangan. Ijodiy agentliklar, noshirlik faoliyatlari, kitobning savdo ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Afsuski, yuqorida aytganimdek, bizda bu faoliyatdan moddiy foyda yo‘q. Qolaversa, hozir davlat muassasalarida faoliyat yuritayotgan ishchilar ba’zan oilasiga ham vaqt topolmay qolayotgani hech kimga sir emas. Aytmoqchimanki, bu sharoitda yozuvchilikni xobbiga aylantirib olish ham mushkul. Shu o‘rinda g‘alati paradoks bor: yozuvchilik ham aslida kasb – jamiyat uchun kerakli kasb. Ammo maosh to‘lanmaydigan kasb. Lekin, deylik, sportchilar sport bilan shug‘ullanayotgani uchun maosh olib turishadi-ku! Nega yozuvchilikda bunday emas? Gapning qisqasi, daromad keltirib turgan ishini chetga surib, ijod bilan shug‘ullanishga jur’at qilish hazilakam gap emas.

Bir suhbatda o‘qigandim: bugun yirik-yirik kompaniyalarni boshqarayotgan, yangi qurilmalar ixtiro qilayotgan aksar rahbar va muhandislar bolaligida ko‘p, juda ko‘p ertak, rivoyat, afsona kitoblarini o‘qigan, bola dunyosida ularning suvratini chizib, ulg‘ayganida real hayotda sinab ko‘rgan ekan. Natijasini butun dunyo ko‘rib turibdi hozir. Bugungi shoshqin, texnikalashayotgan zamonda bolalarimizni ko‘proq ertak-rivoyat bilan ulg‘aytirish o‘rniga ulardan qochmayapmizmi? Asosan televizor va internetga suyanayotganimiz badali og‘ir bo‘lmasmikan?

– Bolalar adabiyoti deganda faqat bosma nashrlarni tushunmasligimiz kerak. Yaxshi multfilm ham bolalar adabiyotining mevasi, asli. Afsuski, bizda bu soha ham juda ortda qolib ketgan. Bolalar dramaturglari, ssenaristlari deyarli yo‘q. Aytmoqchimanki, televizor ham, agar sifatli kontenti bo‘lsa, juda yomon narsa emas. Biroq bolalarni yengil-yelpi, vaqtni behuda sarflovchi kompyuter o‘yinlari, YouTube’dagi videobloglar bilan band qilib qo‘yayotganimiz juda yomon. Buning oqibati voy!

Menimcha, hali yana kitobga qaytamiz. Juda qaytvormasak ham kitobxonlik bugungidan o‘sishiga ishonaman. Buning uchun vaqt kerak. Shunchaki hozir gadjetlarga bog‘lanib o‘sayotgan avlodning haqiqiy qiyofasini, erishgan natijasini ko‘rishimiz kerak bo‘ladi, xolos. Mana ko‘rasiz, o‘shanda insoniyat adashganini his qiladi. Yana mutolaaga qaytadi. Zero, mutolaa – fikr doyasi, g‘oyalar muallifi.

– Ikki-uch yildan beri “Yosh kitobxon” degan tanlov o‘tkaziladi. Avvaliga shov-shuv ko‘targan, hammani hayajonga solgan tanlov cho‘g‘i yildan yilga negadir pasayayotgandek. O‘rtadagi ulov ilinjida bolalarimiz kitoblarni zavqlanib emas, misoli temirtandek – tanlov shartlaridan o‘tib olish uchungina o‘qiyotganini ham yashirmaylik. Bolalarni haqiqiy kitobxonga aylantirishning boshqa maqbul yo‘llari yo‘qmikan?

– “Yosh kitobxon” tanlovini kitobxonlikni rivojlantirishdagi eng samarali loyihalardan biri deb bilaman. Ulovga qiziqib bo‘lsa-da, bolalarning kitob o‘qiy boshlashganiga ko‘p guvoh bo‘ldim. Biroq kitob targ‘iboti uchun boshqa vositalarimiz ham bo‘lishi kerak. Men yirik telegram kanallarini bilaman, kitob reklamasi uchun katta chegirmalar qilib berishadi. Ya’ni ular targ‘ibot uchun o‘z hissasini qo‘shgisi keladi. Har sohaning yetakchi vakillari mana shunday o‘ylasa, kitobxonlikni rivojlantirish mumkin.

Kitob targ‘ibotida askiyabozlik qilmaslik kerak. Aytishadiki: “Agar Orol dengizini qutqarib qolish uchun tashkil etilgan anjumanlarda ichilgan suvini quysak, dengiz allaqachon to‘lardi”… Go‘zal kinoya! Haqiqati ham yo‘q emas! Kitob targ‘iboti uchun ko‘plab aksiyalar, anjumanlar, ko‘rgazmalar tashkil qilinyapti. Bundan tashqari turli mas’ul tashkilotlarga kitob nashri, ma’naviyat targ‘iboti uchun milliardlab pul berilyapti. Pul-ku ishlatilyapti, lekin natijasini ko‘rmayapmiz. Ba’zan o‘ylab qolaman, bu tashabbuslar faqat ayrim doiralarning manfaati uchungina emasmikan, deb.

– Bolalarga kitob yozish kerak, deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga lop etib, didaktika keladi. Lekin pand-nasihat bo‘rtmagan, yaxshi va yomon ochiq-oshkora, o‘rtadagi holvadek aniq ko‘rsatilmagan asarsiz ham bolani to‘g‘ri yo‘lga boshlash mumkin-ku, to‘g‘rimi?

– Fikringiz to‘g‘ri. Quruq pand-nasihat bolani bezdiradi. Chinakam badiiy asar xulosa va g‘oyani bevosita, bolaning og‘ziga chaynab solish yo‘lidan bormaydi. Deylik, bolaga, “halol bo‘l, to‘g‘ri bo‘l”, deyishdan osoni yo‘q. Lekin bir badiiy qahramonni hayotning turli chig‘iriqlaridan o‘tkazib, uni pishirib, yetiltirib voqelikning eng kulminatsion nuqtasida halollik va to‘g‘rilikni anglaganini ifodalay olsangiz, buning o‘quvchiga ta’siri ming chandon kuchli bo‘ladi. Bolalar adabiyoti deganda didaktikani tushunayotgani uchun omma aybdor emas. Shunchaki didaktikani yozish oson. Shuning uchun kitob rastalari bunday asarlar bilan to‘lib ketgan. Va yanglish tasavvurlar shuning oqibatidir.

– Fikringizni shu yerda to‘xtatmay-da, keyingi nuqtaga ulasam: bolalar adabiyoti har qanday to‘qima obrazni ko‘taraveradi, degan qarashga uncha qo‘shilmayman. Bolaning xassos olami, fitrati istagan gap, tasvir, voqeani ko‘tarolmasligi aniq. Bolalar uchun yozayotganda nimalarga e’tibor berish kerak?

– To‘qima obrazlar haqida gap ketganda aytib o‘tsam, menimcha, aksar ertaklar bugungi kun bolasining dunyoqarashi, badiiy didiga mos emasligini tan olishimiz kerak. Ertaklardagi g‘ayritabiiy, fantastik voqealar bolalarni hayratga solmay qo‘ydi. Uchar gilam, uchar tulpor, uchar supurgi kabi ertak motivlari bilan bolani jalb etish qiyin. Hayratlanmas, zavqlanmas ekan, ertak berishi mumkin bo‘lgan boshqa tarbiyaviy-ma’naviy mazmunni ham his qilmaydi. Qolaversa, ertaklardagi bir hol shaxsan menga yoqmaydi. Ularda boy xasis va johil, dehqon va hunarmand qashshoq, oqko‘ngil, sodda inson sifatida tasvirlangan. Bunday o‘zgarmas xarakterli qahramonlar ertaklarda juda ko‘p. Bu bolalarda yanglish tasavvurlar uyg‘otishi mumkin.

Bolalarga yozayotgan odam “Kapalak effekti” haqida bilishi kerak. Ayniqsa, bolalar yozuvchisi o‘quvchisining beg‘ubor, himoyasiz miyasiga urug‘ qadayotganini yodda tutishi lozim. Birgina nojo‘ya harakat, buzuq obraz bolaning olamida uzoq yillar qolishi, uning keyingi o‘y-xayollari, xulosalari bilan doimiy, assotsiativ bog‘liqlikda yashashi mumkin!

Bundan tashqari, yozuvchi adabiy asar, uning tabiati haqida muayyan nazariy bilimlarni egallashi zarur. Masalan, men ko‘proq ilmiy-fantastika janrida ijod qilaman. Shunday ekan, bir-biriga yaqin sanaluvchi fentezi, fantastika, ilmiy-fantastika janrlarini o‘zaro farqlab olishim lozim. Ilmiy-fantastikada ham fentezi yoki fantastikadagi kabi reallikka to‘g‘ri kelmaydigan voqealar tasvirlanadi. Biroq bunda tasvirlanayotgan voqelik fizika va boshqa aniq-tabiiy fanlarning fundamental qonuniyatlari chegarasidan chiqib ketmaydi. Ya’ni yozuvchi o‘zi qalamga olayotgan g‘ayritabiiy hodisa uchun ilmiy asos qidiradi. Turli tadqiqotlar, gipotezalar, ilmiy farazlarga tayanadi. Ertaklardagi kabi shunchaki sehrgarlikni qo‘llash yo‘lidan bormaydi. Agar men bularga e’tibor qilmasam, yozgan asarimning saviyasi ham bo‘lmaydi.

Bolalar adabiyoti muammosining yana bir ildizi nashriyotlarga borib ulanadi. “Ijodkor bilan nashriyot o‘rtasida munosabat ko‘ngildagidek emas”, degandi rahmatli X.To‘xtaboyev. “Bu masalaning mazmun-mohiyati shundan iboratki, bolalar adabiyoti vakillari tegishli nashriyotlar bilan hamkorlikni yetarlicha yo‘lga qo‘ya olmayaptilar. Bu yerda nashr etilishi kerak bo‘lgan kitobning sarf-xarajatlari, homiylik masalasi, keyin muharrirlarning saralashdagi saviyasi kabi bir qancha muammolar ko‘ndalang bo‘ladi”. Qiziq tarafi, shu muammolar hamon bardavom, hamon diqqat markazida. Yechim qachon va qanday bo‘lishi haqida kimdir nimadir deyishga ham qo‘rqadi.

– Men bugungi kunda noshirlik ishlari bilan shug‘ullanishni jasorat deb bilaman. To‘g‘ri, biznes shafqatsiz, kapitalizmning fundamental qonuniyatlari bilan kelishib yashashga majburmiz. Biroq davlat bolalar adabiyotiga kelajak poydevori sifatida qarashi, bu sohaga investitsiya kiritishi mumkin-ku. Bolalar nashrlari uchun QQSni bekor qilib, mualliflar uchun qo‘shimcha qalamhaqi ta’sis etilsa bo‘ladi.

Meni tashvishga solayotgan narsa davlat qaramog‘ida biror jo‘yali, zamonaviy davriy nashrning yoki nashriyotning yo‘qligidir. Axir boshqa sohalarga milliardlab pul ajratilmayaptimi?! Nega bolalar adabiyoti o‘gay bo‘lib qolishi kerak?! Menimcha, bolalar nashrlari uchun uzoq istiqbolni ko‘zlagan milliy dastur, fond va ixtisoslashgan zamonaviy nashriyot ochilishi kerak. Albatta, bu yerda xolislik bo‘lmasa, ajratilgan pul o‘z o‘rnida sarflanmasa, dasturdan ham, nashriyotdan ham natija chiqmasligini unutmasligimiz kerak.

– Kattalar adabiyoti qatori bolalar adabiyotida ham munaqqid zarur. Kitobni kitobdan saralash uchun ham shunga muhtojmiz. Lekin yozilgan yangi asarni risoladagidek tahlil-tanqid qiladigan, shunoslar bilan bahslashadigan mutaxassis, tanqidchi topish qiyin bo‘lib qoldi. Aslida, bu juda muhim soha. Bukblogerlar ham bu maydonni aylanib o‘tishadi, ko‘pincha. Bolalar adabiyotini ilmiy jihatdan o‘rganish zarurligini qachon anglarkinmiz?

– Bolalar adabiyotining rivoji uchun adabiyotshunoslarimiz ham chetda qarab turmasliklari shart. Hozircha olimlarimiz bu yo‘nalishda katta ishlar qilyapti deb aytish qiyin. Negadir, ular ham odatda bolalar adabiyotini aylanib o‘tishadi. Tanqidchilar chop etilgan yangi asarlarga munosabat berishi, yutuq va kamchiliklarini o‘z vaqtida ko‘rsatib turishi muhim. Bundan tashqari tarjimonlar ham zamonaviy jahon adabiyoti namunalaridan ko‘proq o‘girishsa, bu o‘z-o‘zidan milliy adabiyot rivojiga ta’sir qiladi. Chunki yaxshi tarjima o‘quvchi ommani shakllantirishda, ularning estetik didini o‘stirishda muhim rol o‘ynaydi. Agar biz o‘quvchi ommani ko‘paytira olsak, milliy adabiyotga bo‘lgan ehtiyoj ham ortadi.

Bolalar adabiyotini rivojlantirishda maktab darsliklarining o‘rni beqiyos. Maktab o‘qish ko‘nikmasini shakllantiruvchi, badiiy didga sayqal beruvchi eng asosiy omillardan. Afsuski, darsliklarimiz didaktik ruhdagi, badiiy-g‘oyaviy jihatdan eskirgan, bugungi kun bolalaring zamonaviy-ta’limiy ehtiyojlariga mos kelmaydigan materiallar bilan to‘lib-toshgan. Ayni shu kabi muammolarni bartaraf etish uchun hozirda yangi darsliklar yozilyapti. Shaxsan men ham bu jarayonda muallif sifatida ishtirok etyapman.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib boryapman, so‘nggi yillarda bolalar uchun nasrda ijod qiladigan yoshlar ko‘paymoqda. Hukumat ham bu sohaga jiddiy e’tibor qaratishni boshlagan. Yaqinda mukofot puli yirik bo‘lgan tanlov o‘tkazilishi haqida e’lon berildi. Menimcha, bu harakatlarning bari beiz ketmaydi. Biz yaqin yillarda bir qancha yosh, umidli ijodkorlarni kashf qilishimizga ishonaman.

Charos Nizomiddinova suhbatlashdi