← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Akmeizm

Akmeizm (yun. acme – biror narsaning kamolot choʻqqisi) – XX asrning 10-yillarida rus sheʼriyatida vujudga kelgan adabiy oqim. A.ning nazariy asoslari N.S.Gumilev, S.M.Gorodetskiy, M.A.Kuzminlar tomonidan ishlab chiqilgan. Jumladan, N.S.Gumilev “Simvolizm merosi va akmeizm” nomli maqolasida simvolizm insonning idrok imkonidan tashqari narsalarni anglashga intilgani bekorligi, uni anglab boʻlmasligini taʼkidlaydi. S.Gorodetskiy esa simvolizm va akmeizm orasidagi ziddiyatni moddiy olamga munosabatda koʻradi. Unga koʻra, simvolistlar uchun olam faqat oʻzga olamlar soyasi sifatidagina ahamiyatli boʻlsa, akmeistlarga u bor holicha ham qadrli; simvolistlar uchun atirgul ilohiy ishq ramzi sifatidagina qadrli boʻlsa, akmeistlar uchun u oʻz holicha ham goʻzal va qadrlidir. S.Gorodetskiy akmeistlar dunyoni butunicha, butun goʻzalligu xunukligi bilan qabul qilganlarini, dunyoga muhabbat uning asosiy tamoyili ekanini taʼkidlaydi. A. namoyandalarining ijodiy faoliyati tabiiy tarzda kechuvchi hayotni, konkret his etiladigan dunyoni kuylash, soʻzning ramziy maʼnosi oʻrniga asl maʼnosini qaytarish shiorlari ostida kechdi. Ayni chogʻda, ulardagi hayotga, moddiy dunyoga muhabbat realizmga yaqinlashish deb tushunilmasligi kerak. Aksincha, ularning hayotni, dunyoni poetiklashtirishi mohiyatan reallikdan, uning muammolaridan qochishning bir koʻrinishi edi. Chunki ular, N.S.Gumilev aytmoqchi, nafaqat idrokdan tashqaridagi narsa-gʻoyalarni, balki shaxs evolyutsiyasini ham davr va makon shart-sharoitlari bilan bogʻliq anglab boʻlmaydi, bu “adabiy usul”dan boshqa narsa emas, deb biladilar. A.ning adabiy oqim sifatidagi faoliyati uzoq davom etmadi: 20-yillarning oʻrtalariga kelib tarqalib ketdi, uning saflarida boʻlgan ijodkorlarning koʻpchiligi shoʻro davrida turli tazyiqlarga duchor qilindilar. Ijodiy faoliyatini A. mavqeida boshlagan S.Gorodetskiy, A.Axmatova, O.Mandelshtam kabi iqtidorli shoirlarning ijodi rus poeziyasiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish