← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Irsol ul-masal

Irsol ul-masal (ar. ارسال المثل – maqol, masal keltirish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼatlardan biri, sheʼrda maʼlum bir poetik maqsadda mashhur maqol, matal yoki hikmatli soʻz keltirish. Shoir biror fikrni oʻrtaga tashlar ekan, oʻz fikrining isboti, izohi, tasdigʻi uchun xalq maqollari, hikmatli iboralarni tamsil yoʻli bilan keltiradi. Bu uch xil koʻrinishda amalga oshishi mumkin:

1) maqol yoki matal “masaldurkim”, “masalkim”, “derlar”, “aytadilarki”, “elda bor shunday masal” kabi ishoralar bilan keltiriladi:

Kasb etar shohi Buxoro hazrati Xondin kamol,

Bu masaldur: “Oy etar xurshiddin nur iqtibos” (Nodira).

2) maqol yoki matal hech qanday ishoralarsiz aynan keltiriladi:

Yerga kirsam koshki, chun yetmas ul oyga ilik,

Mushkul ahvole tushubdur: “Yer qatiqu koʻk yiroq” (Lutfiy).

3) mazmuni bayt yoki misra ichiga singdirib yuborilgani holda maqol yoki matal oʻz shaklini butunlay yoʻqotishi, bir oz oʻzgartirishi yoki yangicha shaklga kelishi mumkin:

Sevgi dardidan mening ham boʻldi rangim kahrabo,

Yoʻq iloj, ne naf oʻkinmak boʻlmasa koʻzguda ayb (E.Vohidov).

Mazkur baytda “Yuzing qiyshiq boʻlsa, oynadan oʻpkalama” maqoli oʻzgargan shaklda berilyapti.

Agar baytda ishlatilayotgan maqol yoki matallar soni ikki yoki undan ortiq boʻlsa, irsol ul-masalayn deyiladi. Mas., Atoyining:

Boʻldi bagʻrim su gʻamingdin, yaxshilik qil sol sugʻa,

Oxir, ey gul, xirmanni albatta har ekkan oʻrar, –

baytida “yaxshilik qil suvga ot” va “har kim ekkanini oʻradi” maqollari singdirib yuborilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish