← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tazkira

Tazkira (ar. تذكره– zikr etish, tilga olish, eslash) – Sharq mumtoz adabiyotida keng tarqalgan adabiy-tanqidiy janr. T.larda shoirlarning hayoti va ijodi haqidagi muxtasar maʼlumotlar zikr etilib, ularning asarlaridan namunalar (odatda, bir necha bayt hajmida) keltiriladi va ijodiga umumiy tarzda baho beriladi. T.larda ijodkorlar haqida maʼlumotlar berish bilangina cheklanib qolinmasdan, sheʼriyat va uning nazariy masalalari bilan bogʻliq eʼtiborga loyiq fikr-mulohazalar, maʼlum bir davr adabiy hayoti haqidagi muhim maʼlumotlar ham oʻrin oladi. Adabiyot tarixida shoirlargina emas, balki olimlar, avliyolar haqidagi T.lar ham yaratilgan (mas., A.Navoiy. “Nasoyim ul-muhabbat”; Sidqiy. “Tazkirai Imomi Aʼzam”). T. yozish anʼanasi dastlab arab va fors adabiyotlarida shakllangan boʻlib, keyinroq turkiy adabiyotda ham keng ommalashgan. T.ning eng qadimgi namunasi sifatida Abu Mansur as-Saolibiyning “Yatimat ad-dahr fi mahosili ahli asr” (“Zamona ahlining fazilatlari haqida yagona durdona”, XI asr) asari eʼtirof etiladi. Mazkur T.dan oʻsha davr Arab, Ajam, Movarounnahr, Xorazm va Xuroson adabiyoti va sanʼati haqidagi qimmatli maʼlumotlar oʻrin olgan. Turkiy tildagi ilk T. sifatida Navoiyning “Majolis un-nafoyis” asari koʻrsatiladi. T.lar mumtoz adabiyot tarixi, alohida ijodkorlar asarlarini, ular bilan bogʻliq nazariy masalalarni oʻrganishda muhim manba sanaladi. Jumladan, Muhammad Avfiy Buxoriyning “Lubob ul-albob” (“Bilimlar magʻzi”, XIII asr), Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” (XV), Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-ashob”(XIX asr), Rahmatulla Vozehning “Tuhfat ul-ahbob” (XIX asr), Fazliyning “Majmuai shoiron” (XIX asr), Ahmad Tabibiyning “Majmuai shoiron ” (XIX asr); XX asr boshlari adabiyoti haqida maʼlumot beruvchi Neʼmatulla Muhtaram, Mirsiddiq Hashmat va Abdilarning bir xil – “Tazkirat ush-shuaro” nomli, shuningdek, P.Qayumovning “Tazkirayi Qayyumiy” asarlari shunday T.lar sirasidandir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish