← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tekst

Tekst (lot. textus – mato, toʻqima, matn) – 1) yozuvda qayd etib qoʻyilgan nutq, termin bu maʼnosida ogʻzaki nutqqa qarshi qoʻyiladi; 2) nutqiy asar, jumladan, adabiy asarning yozma (harflar) yoki ogʻzaki (tovushlar) belgilar vositasida qayd etilgan konkret-hissiy (koʻrish yo eshitish) qabul qilinadigan tomoni. Bu maʼnodagi T. matnshunoslikning obyekti sanaladi; 3) nutqiy kommunikatsiyaning nisbiy butunlik, yaxlitlik kasb etgan va nisbiy avtonomlik, alohidalik xususiyatiga ega eng kichik birligi, yaʼni adabiy badiiy asar. Bu maʼnodagi T.ning mazmuni uni tashkil qilayotgan nutq birliklari, ularning oʻzaro aloqalari bilangina cheklanib qolmaydi. Butun sifatida u muallif tomonidan muayyan nutqiy situatsiyada yaratilgan, uning butun sifatidagi mazmun-mohiyati oʻzidan tashqaridagi reallik bilan bogʻliq holda voqe boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish