← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Tipiklashtirish

Tipiklashtirish – umumiylikning individuallashtirish orqali ifoda etilishi, konkret badiiy obraz (voqea-hodisa, hayotiy holat, xarakter va sh.k.)da muayyan davrga xos umumiy (tipik), xarakterli xususiyatlarni mujassamlagan holda aks ettirish, adabiyot va sanʼatdagi voqelikni badiiy idrok etish prinsiplaridan biri. Agar antik adabiyotda voqelikning badiiy idroki “tabiatga taqlid qilish” (mimesis), oʻrta asrlarda simvollar vositasida amalga oshgan boʻlsa, realizm bosqichiga kelib T. yetakchi prinsipga aylandi. T. adabiyotning bilish imkoniyatlarini kengaytirdi, chunki u oʻzigacha mavjud boʻlgan tamoyillarga xos kuchli tomonlarni birlashtirdi, yaʼni: agar mimesis voqelikdagi xususiy hollarga, simvollashtirish esa xususiyga koʻz yumgan holda umumiyga urgʻu bergan boʻlsa, T. bu ikkisini uygʻun birlikda olishni taqozo etadi. Adabiyotning bilish funksiyasini ustuvor bilgan realizm bosqichiga kelib T. oldingi planga chiqdi, endi “Tipiklashtirish ijodning qonunlaridan biri, usiz ijodning oʻzi mavjud emas” (V.G.Belinskiy) deb qarala boshlandi, xullas, T. realizmning nazariy asosi boʻlib qoldi. Shoʻro davri adabiyotida, garchi soʻzda ushbu prinsipning yetakchiligi eʼtirof etilsa ham, ijod amaliyotida voqelikning haqiqatda emas, balki sotsialistik realizm talabidan kelib chiqqan holda, mafkura nuqtai nazaridan xarakterli sanalgan xususiyatlari umumlashtirildi, badiiy asarlar shu nuqtai nazardan baholandi. Buning natijasida sxematizm T. deb tushunila boshlandi. Taʼkidlash kerakki, shoʻro davri adabiyoti sotsialistik realizm adabiyotigina boʻlib qolmadi, chunki haqiqiy sanʼatkorlar sxematizm bilan T.ni farqlay bildilar, shu prinsipga tayangan holda voqelikni badiiy idrok etishga intildilar. Xullas, hozirgi adabiyotshunoslikda T. masalasi birmuncha eʼtibordan qolgandek koʻrinsa-da, u realizmning asosiy prinsipi boʻlib qolaveradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish