← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Aforizm

Aforizm (yun. aphorismos – taʼrif, ixcham ifoda) – muallifi maʼlum boʻlgan, ixcham shaklda va taʼsirli ifoda etilgan umumlashma fikr. A.ga berilgan taʼriflarda turlichalik mavjud: ayrim manbalarda A. aniq muallifga ega boʻlishi shart va shu narsa uni maqollardan farqlovchi asosiy jihat deyilsa, boshqalarida bu shart qoʻyilmaydi (q. aforistika). A.lar paydo boʻlishi jihatidan turlicha. Ayrim hollarda A. maxsus yaratiladi, bu holda uni tom maʼnoda janr deb hisoblash mumkin (mas., A.Qahhorning mashhur “Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini oʻtin yorishga sarf qilish kerak emas”, degan gapi). Zero, bu holda ijodkorning hayotiy tajribasiga tayangan holda biron-bir masala yuzasidan umumlashma fikrini ifodalashga imkon beruvchi shakl hodisasi haqida gap boradi. Mas., A.Muxtorning “Tundaliklar”, Oʻ.Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”idan shu janrning koʻpgina yaxshi namunalari joy olgan. Biroq koʻp hollarda u yoki bu asardan olingan ixcham ibratli fikr ham A. sifatida ommalashadi (mas., “Sinchalak”dan: “Toʻkilgandan tomchilagan yomon...” yoki “Chalasavod kishi oʻzidan past, nima desa “hikmat” deb turadigan odamlar bilan ulfatchilik qilishga moyilroq boʻladi”).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish