← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Aforistika

Aforistika – adabiy ijodning bir turi, muayyan hayotiy tajribaga asoslangan ibratga molik umumlashma fikrni ixcham badiiy shaklda (antiteza, parallelizm, qiyos, paradoks va sh.k. uslubiy vositalar yordamida) ifodalash. A. voqelikning individual-xususiy tomonlariga koʻz yumgan holda umumiy, tipik tomonlarga eʼtibor qaratadi: uning asosida tasvirlash yoki his-tuygʻularni ifodalash maqsadi emas, muayyan hukm-xulosani bayon qilish maqsadi yotadi. Yaʼni A. obraz bilan emas, fikr bilan ish koʻradi. Ayni chogʻda, u ilm emas, A.dagi fikr ilmiy tafakkurdan farq qiladi: ilmiy fikr muayyan obyektning atroflicha tahlili asosida olinsa, aforistik fikr muallifning shaxsiy (maʼnaviy, ruhiy, siyosiy, maishiy va h.) tajribasiga tayanadi; ilmiy fikrning toʻgʻriligi dalillar silsilasi bilan isbotlansa, aforistik fikr obyektiv haqiqatlik daʼvosini qilolmaydi, chunki uning toʻgʻriligi isbot qilinmaydi, his etiladi. Agar A.ni adabiy ijod turi sifatida tushunilsa, uning janr koʻrinishlari deb xalq ogʻzaki ijodidagi maqol, yozma adabiyotdagi gnoma, xriya, sentensiya, apoftegma, maksima kabilarni koʻrsatish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish