← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adresat

Adresat (nem. Adressat – pochta joʻnatmasini oluvchi) – badiiy ijod jarayoni bilan bogʻliq holda ishlatiluvchi termin, ijod onlarida yozuvchi tasavvurida mavjud boʻlgan, asar moʻljallangan oʻquvchi. Adabiyotshunoslikda ushbu tushuncha real oʻquvchiga zidlangan holda yana implitsit oʻquvchi, tasavvurdagi oʻquvchi, ichki oʻquvchi kabi terminlar bilan ham yuritiladi. Adabiy asar, avvalo, nutq hodisasidir. Nutq jarayoni esa ikki tomon – nutq subyekti (nutq egasi) va nutq obyekti (nutq yoʻnaltirilgan shaxs)ning mavjudligini taqozo etadi. Modomiki, ijod jarayonida yozuvchi nutq irod etayotgan ekan, bu nutq kimgadir (tasavvurdagi oʻquvchiga, A.ga) qaratilgan boʻladi: yozuvchi oʻsha oʻquvchiga muayyan badiiy informatsiyani yetkazish, informatsiyaga oʻzining gʻoyaviy-emotsional munosabatini ifodalash va shular orqali unga muayyan taʼsir oʻtkazishni koʻzlaydi. Bu esa A.ni, uning dunyoqarashi, hayotiy tajribasi, badiiy didi, ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlari kabi omillarni ham eʼtiborda tutishni taqozo etadi. Yaʼni A. maʼlum maʼnoda asarning badiiy-kompozitsion xususiyatlari, tili va uslubi, obrazlar tizimini belgilaydi. Mazkur hol, mas., bolalar adabiyoti misolida yorqin koʻrinadi: bolalar uchun yozilgan asarda A. xususiyatlarini, bola psixologiyasi, fikrlash tarzi, idrok imkoni kabilarni eʼtiborda tutish zarur. Biroq buni mutlaqlashtirmaslik, yaʼni goʻyo yozuvchi hamisha yuksakda-yu, A.ga mos gaplarni aytadi, maʼnosida tushunmaslik kerak. Aksincha, yozuvchi tasavvuridagi A. saviyasi koʻp jihatdan uning ijodiy salohiyati bilan bogʻliqdir; sanʼatkor ijodiy kamoli bilan barobar A. ham kamol topib boradi. Mas., Choʻlponning ilk ijodida A. birmuncha mavhum boʻlib, asarlari keng ommaga qaratilgan, u koʻpning gapini koʻpga yetkazish (“Bizni xalq”, “Qurboni jaholat”, “Doktor Muhammadiyor”) bilan mashgʻul edi. Keyincha uning A.i birmuncha konkretlashadi: asarlari koʻproq oʻzining hammaslaklariga (mas., “Xalq”, “Buzilgan oʻlkaga”, “Poʻrtana”) moʻljallanadi. Ayni chogʻda, shoir ijodida A. yanada konkretlashib boradi, endi u koʻproq oʻzini tushuna oladigan, hamdard boʻla biladigan xos oʻquvchiga murojaat etadi (“Koʻngil”, “Yoʻl esdaligi”). Sheʼrlaridan birida bu haqda shunday deydi:

Soʻylarkan tillarim na yomon soʻzlar,

Yozarkan qalamim na hazin ogʻlar,

Soddadil bunlardan ne maʼni onglar,

Bilmaz-ku oʻldugʻin izhor ishqi.

Yaʼni Choʻlpon oʻzining “ishq izhori”ni har kim ham anglay olmasligini biladi, hammaga dardini toʻkkani holda chinakam hamdard boʻla oladiganlarning ozligini teran idrok etadi. Bu esa shoirning aksar sheʼrlarida xos oʻquvchiga moʻjallangan ramziy qatlam mavjudligi, unda yurt ozodligi mavzusi poetik talqin qilinganiga uning oʻzi bergan guvohlikdir. Keyinroq, 30-yillarning boʻgʻiq muhitida Choʻlponning A.i ongli tarzda ikkilanadi: u bir paytning oʻzida ham xos oʻquvchisiga, ham shoʻro tarbiyasini olgan ommaviy oʻquvchiga murojaat etadi (“Soz” toʻplamidagi qator sheʼrlar, “Kecha” romani).

Ijod onlarida A.ni eʼtiborda tutish talabi oʻquvchi omma didi, talab-ehtiyojlariga moslashish degani emas. Chinakam ijodkor A.ning didi, farosatini yuqori baholashi, uning ijodiy imkoniyatlariga, asarni oʻqish payti oʻziga hammuallif boʻla olishiga ishonishi lozim. Biroq keyingi davrda keng urchigan ommaviy adabiyot soʻz sanʼatining bu talabidan chekinadi: uning oʻrtamiyona saviyadagi A.ni nishon qilishi, uni osongina oʻziga jalb etadigan yoʻllardan (intrigaga boylik, oshkor emotsionallik, soxta romantika, zoʻravonlik va faxsh singari tuban instinktlarni uygʻotish va sh.k.) borishi soʻz sanʼati ichidagi buzgʻunchilikkina emas, chuqurroq qaralsa, A.ga hurmatsizlik hamdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish