← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiyotshunoslik

Adabiyotshunoslik (ar.ادب – adab, fors. شناس– tanish, oʻrganish) – badiiy adabiyotning kelib chiqishi, mohiyati, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy aloqalarini oʻrganuvchi fan. A.ning obyekti boʻlmish badiiy adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar koʻlami – predmeti juda keng. Ularning bir qismi umumestetik (yaʼni badiiy sanʼat sohalarining barchasiga taalluqli, mas.: badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va reallik munosabatlari, dunyoqarash va badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari, badiiy asarni qabul qilish jarayoni xususiyatlari va b.) muammolar sirasiga kirsa, boshqa bir qismi sof A. muammolari sanaladi. Sanʼatning barcha turlariga oid muammolarni A. badiiy adabiyot nuqtai nazaridan, badiiy adabiyot bilan bogʻlagan holda va uning misolida oʻrganadi. Badiiy adabiyotning mohiyati, uning rivojlanish omillari va qonuniyatlari, badiiy (adabiy) asar tabiati, uning tuzilishi, badiiy (poetik) til xususiyatlari, adabiy tur va janrlar kabi qator masalalar borki, ular sof A. muammolaridir. Zamonaviy A. fani uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid. Mazkur sohalarning har biri badiiy adabiyot bilan bogʻliq muayyan masalalar majmuini oʻz oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda oʻrganadi. Ayni chogʻda, bu sohalar oʻzaro mustahkam aloqada boʻlib, bir-birini toʻldiradi, bir-biriga manba yaratadi, asos boʻlib xizmat qiladi va shu tarzda yagona bir tizimga birikadi. Bulardan tashqari, A.ning matnshunoslik, manbashunoslik, bibliografiya singari yordamchi sohalari ham mavjud.

Oʻzining obyekti, predmeti va tadqiq usullariga ega boʻlgan mustaqil fan sifatida A.ning fanlar tizimida muqim oʻrin olishi XVIII asr oxiri – XIX asr boshlariga toʻgʻri keladi. Antik davrlarda fanlar oʻzaro ajralmagan, xususan, A. ham falsafa ichidagi bir boʻlim edi. Kishilik jamiyatining taraqqiyoti, inson tafakkurining rivoji davomida boshqa fanlar qatori A. ham alohida fan sifatida ajralib chiqdi va rivoj topdi. Biroq buni mahdudlashish deb tushunmaslik lozim, chunki A. boshqa fanlar bilan, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan mustahkam aloqada yashaydi. Jumladan, ayrim fanlar (falsafa, estetika, germenevtika) A. uchun metodologik asos boʻlib xizmat qilsa, boshqalari (folklorshunoslik, madaniyatshunoslik, sanʼatshunoslik) bilan u vazifalari va tadqiq predmetining koʻp jihatdan yaqinligi tufayli aloqadordir. A.ning predmeti badiiy adabiyot, badiiy adabiyotning predmeti esa borliqda, turfa ijtimoiy munosabatlar ichida yashayotgan insondir. Shu jihatdan A. inson va jamiyatni umumiy yoʻnalishda oʻrganuvchi fanlar (tarix, sotsiologiya, psixologiya kabi) bilan tabiiy aloqada boʻladi. Filologik fan sifatida A.ning tilshunoslik bilan aloqasi, ayniqsa, samarali va muhimdir. Badiiy adabiyotning materiali soʻz, adabiy asar soʻzlardan tarkib topuvchi matndir. Badiiy matn til qonuniyatlari asosida tarkib topadi. Shunday ekan, til qonuniyatlarini bilish matn qurilishi, uning tagmaʼnolari, ishlatilgan stilistik figuralarning estetik qimmati, funksiyalari kabi qator masalalarni oʻrganishda juda muhim. Odatda, badiiy matn tilini oʻrganishga qaratilgan ishlarga A. va tilshunoslik chegarasidagi ishlar sifatida qaraladi. Biroq bunda chegarani aniq olish lozim. Gap shundaki, A. tilshunoslik yutuqlariga tayangan holda tasvir vositalarining, umuman, matnning estetik tomonlarini oʻrgansa, tilshunoslik til qonuniyatlarini oʻrganishni maqsad qiladi. Yaʼni tilshunos uchun badiiy matn material boʻlsa, adabiyotshunos uchun u asosiy obyekt sanaladi. Tilshunoslik bilan A. aloqalari shu bilangina cheklanmaydi. Tilshunoslik kishilar orasidagi muloqot vositasi boʻlgan tilni oʻrgansa, A. ijodkor va oʻquvchi orasidagi badiiy muloqot vositasi boʻlgan badiiy asarni oʻrganadi. Muloqot qonuniyatlarining mushtarakligi esa A.ning qator muammolarini til qonuniyatlari bilan qiyosan oʻrganish imkoniyatini beradi. A. faoliyatida badiiy nutq shakllari, ritmi, intonatsiya, sheʼr sintaksisi, ekspressivlikni oshiruvchi vositalar kabi qator tushunchalarga duch kelinadiki, bularning tilshunoslikdagi talqinini bilgan adabiyotshunosning izlanishlari, albatta, samaraliroq boʻladi. Keyingi davr A.ida paydo boʻlgan “psixologik maktab”, “struktural A.”, “generativ poetika”, yangi kirib kelayotgan “kognitiv A.” kabi yoʻnalishlar bevosita tilshunoslik yutuqlari asosida yuzaga kelgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish