← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiyot tarixi

Adabiyot tarixi – adabiyotshunoslik fanining asosiy sohalaridan biri. A.t.ning predmeti – oʻtmish adabiyoti boʻlib, uni jarayon yoki shu jarayonning bir boʻlagi (bosqichi) sifatida tadqiq etadi. A.t.ning asosida tarixiylik prinsipi yotadi. Tarixiylik prinsipi adabiy jarayonni konkret ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bogʻliq hodisa sifatida oʻrganishni taqozo etadi. Yaʼni A.t. oʻtmishdagi adabiy hodisalarni, yaratilgan asarlarning gʻoyaviy-mazmuniy xususiyatlarini belgilagan, badiiy tafakkur rivoji, poetik usul va vositalarning oʻzgarishi va sh.k.larga asos boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy omillarni ochib beradi. A.t. nuqtai nazaridan konkret badiiy asar tahlil qilinganida ham, oʻsha asar yaratilgan davr sharoiti, davr adabiy jarayoni xususiyatlarini nazarda tutish shart qilinadi. A.t.ni qiziqtiradigan masalalardan yana biri konkret ijodkor faoliyatini oʻrganishdir. Ijodkor faoliyatini oʻrganganda, uning ijodiy oʻsish jarayonini kuzatganda ham asosga qoʻyilgan prinsip tarixiylik boʻlishi lozim. A.t. oʻtmish adabiyoti xususiyatlarini ochib berarkan, birinchidan, oʻtmish adabiyoti tajribalarini bugungi adabiyot xizmatiga safarbar etadi, ikkinchidan, keng koʻlamli nazariy xulosalar chiqarish uchun zarur material hozirlaydi. Shunga koʻra, A.t. badiiy tafakkur taraqqiyotida ham, adabiy-nazariy tafakkur rivojida ham katta ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbek adabiyotshunosligida A.t. sohasining dastlabki kurtaklari sifatida tazkiralarni koʻrsatish mumkin. Shuningdek, qator tarixiy va memuar asarlarda ayrim adabiy faktlar, muayyan ijodkor hayoti va faoliyatiga doir maʼlumotlar ham qayd etilgan. Biroq oʻzbek adabiyotini tarixiy aspektda koʻlamli oʻrganish, yaʼni oʻzbek adabiyotshunosligida A.t.ning mustaqil tarmoq sifatida shakllanishi va rivoji XX asrga toʻgʻri keladi. Oʻzbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixi sohasining shakllanishida Fitrat, A.Saʼdiy, O.Sharafuddinov, V.Zohidov, V.Abdullayev, H.Sulaymonov, Gʻ.Karimov, N.Mallayev, A.Qayumov, A.Xayitmetov, A.Abdugʻafurov singari olimlarning ulkan xizmatlarini alohida qayd etmoq lozim. Oʻzbek adabiyoti tarixini oʻrganish borasidagi izlanishlar hozirgi kunda ham davom ettirilayotir. Mavjud ijtimoiy voqelik oʻtmish merosimizga munosabatni oʻzgartirishni, qator adabiy hodisalar, faktlar, ijodkor shaxslar taqdiri va faoliyatini yangicha, ilmiy xolis talqin qilish zaruratini kun tartibiga qoʻydiki, bu A.t. zimmasiga ulkan vazifalarni yuklaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish