← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Aksilqahramon

Aksilqahramon (ruschadan kalka: “antigeroy”) – adabiy personajlar (xarakterlar)ni tasniflashda shartli ravishda qoʻllanuvchi termin. Terminning yuzaga kelishi qahramon sof estetik kategoriya boʻlmay, maʼlum darajada etik kategoriya ham ekanligi bilan bogʻliqdir. Odatda, qahramondan oʻzining xatti-harakati, aql-zakovati, xarakter xususiyatlari bilan oʻquvchini hayratga solish kutiladi (qahramon termini etimologiyasi “yarim xudo”, “ilohiy odam” maʼnolarini beruvchi yunoncha heros soʻzi bilan bogʻliq). Anʼanaga koʻra, adabiyotda qahramon hayratu hurmat obyekti, maʼlum darajada, ibrat namunasi boʻlib kelgan. Biroq adabiyot taraqqiyotining keyingi davrlarida, XIX asrdan boshlab shunday asarlar koʻpaydiki, ularning markazidagi qahramon bunday sifatlardan mahrum, uni qahramon deb atashning oʻzi noqulay. Shunga koʻra, asarda markaziy oʻrin tutib, muallif konsepsiyasini ifodalashda muhim ahamiyat kasb etgan, lekin oʻzi qahramonlik sifatlariga ega boʻlmagan qahramon A. deb atala boshlagan. Termin ilk bor rus yozuvchisi F.Dostoyevskiy tomonidan ishlatilgan va bu bejiz emas: uning Rodion Raskolnikov, Ivan Karamazov kabi qahramonlari tom maʼnodagi A.lar edi. XX asr modernistik adabiyotida, jumladan, A.Kamyu, F.Kafka asarlarida bunday A.lar keng oʻrin tutadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish