← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Allegoriya

Allegoriya (yun. allos – oʻzgacha, agoreuo – gapiraman) – 1) mavhum tushuncha yoki hodisani konkret narsa orqali ifodalashga asoslangan koʻchim turi. Bu holda konkret narsani ifodalovchi soʻz (mas., tulki) mavhum tushunchani (tulki – ayyorlik) ifodalash uchun koʻchma maʼnoda qoʻllanadi. Mas., Sh.Rahmon sheʼrlaridan birida lirik qahramonning togʻdagi kechinmalarini tasvirlaydi: “togʻlarning musaffo qorlari odam izlarini saqlab qolgan, bu izlar uni tobora yuqoriga olib boradi”:

Ammo togʻdan tushganim sari,

sezar edim badboʻy islarni,

koʻrar edim tulki, qashqirlar,

toʻngʻizlaru ilon izlarin...

Keltirilgan parchadagi “tulki”, “qashqir”, “toʻngʻiz”, “ilon” soʻzlari A.lar boʻlib, ular matnda insonga xos xususiyatlar orqali maʼlum toifadagi kishilarni bildiradi; 2) obrazlilik tipi. Allegorik obrazning tasvir plani bilan mazmun plani bir-biriga mos kelmaydi. Yaʼni allegorik obrazda tasvirlanayotgan narsa oʻzini emas, muallif koʻzda tutgan maʼnoni ifodalaydi. Mas.:

Boyoʻgʻli esa

otasi sotgan chaldevorlar puliga

xorijda oʻqib kelgan.

Otasi endi unga

tunni xatlab bergan.

Boyoʻgʻli – tunlar sultoni.

Biroq tunda ishlanmaydi. Savod kerakmas.

Shuning uchun ham

uning nima bilishini tusmollab boʻlmaydi.

Faxriyorning “Qushlar savodxonligi” sheʼridan olingan ushbu parchadagi “boyoʻgʻli” – allegorik obraz, u aslo asl maʼnosida tushunilmaydi, shunday tushunmaslik lozimligi matndanoq ayon boʻlib turadi. Sheʼrda anʼanaviy A.lardan sanaluvchi “boyoʻgʻli”ga yangicha maʼno yuklaydi, uning vositasida iqtisodiy islohotlar jarayonida ustomonlik bilan orttirilgan behisob davlat (otasi sotgan chaldevorlar) hisobiga barcha imkonlardan foydalanib qolgan (xorijda oʻqib kelgan), endilikda tungi kafelarda ayshini surayotgan “boy oʻgʻillari” tasvirlanadi. Allegorik obrazlarning bir qismi milliy madaniyat kontekstida koʻp takrorlanganidan turgʻun maʼnoga ega boʻlganki, bu jihati bilan ular emblemaga yaqinlashadi. Mas., milliy adabiy anʼanalarimizga koʻra, Hotami Toyda – saxiylik, Rustamda – jasurlik, Iso Masihda – jon bagʻishlash, Yusufda – goʻzallik, Maryamda – bokiralik, Namrudda – kibr va h. maʼnolar muqimlashgan. Allegorik obrazlarning boshqa bir qismi esa koʻzda tutilgan maʼnoga ishora qilinishini taqozo etadi (masallardagi “qissadan hissa” kabi). Ayni shu ishoraning mavjudligi A.ni ramz (simvol)dan farqlovchi muhim jihatdir. Mas., A.Oripovning “Tilla baliqcha” sheʼri nihoyasidagi “Menga alam qilar tilla baliqcha Bir koʻlmak hovuz deb bilar dunyoni” satrlari koʻzda tutilgan maʼnoga ochiq ishora boʻlib, obrazning allegorikligini belgilaydi. Agar shu ishora boʻlmay, avvalgi satrlardagi tasvir bilan cheklanilganda, obrazning tasvir va ifoda planlarining har biri oʻz holicha mustaqil boʻlardiki, bu holda obraz ramziy (simvolik) sanalar edi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish