← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Alliteratsiya

Alliteratsiya (lot. al – yonida, litera – harf) – sheʼriy nutqda (nasrda nisbatan kam) bir xil undosh tovushlarning takrorlanishiga asoslangan ifodaviylikni kuchaytiruvchi vosita, takrorning fonetik sathdagi xususiy koʻrinishi. A. sheʼrning alohida satri yoki misradagi soʻzlar guruhini fonik jihatdan ajratadi, natijada ularning ifodaviyligi ortadi, sheʼrning musiqiyligi, xushohangligi kuchayadi. Mas., “Sochilgan sochingdek sochilsa siring...(Choʻlpon), “Qumdan qurgan qoʻrgʻonim qani...(Iqbol Mirzo). Oʻzbek adabiyotida barcha misralari yoki barcha soʻzlari bir xil undosh bilan boshlangan sheʼrlar ham mashq qilinganki, bu ham A.ning bir koʻrinishidir (mas., E.Vohidov. “Qaro qoshing, qalam qoshing...”). Bulardan farqli oʻlaroq, misradagi soʻzlar tarkibida bir xil undoshlarni takrorlashga asoslangan A. koʻzga unchalik yaqqol tashlanmaydi, lekin ular yaqqol “eshitiladi”: ular sheʼrning musiqiyligini oshiradi, xushohanglik orqali estetik taʼsirni kuchaytiradi. Mas., Sh.Rahmondan olingan quyidagi parchada:

Qorli uvalarda qora qoʻtoslar,

temir halqalar bor burunlarida.

Bir joyda aylanar buyuk choʻllarning

daraga qamalgan quyunlariday.

Qamchilar tarsillar,

yorilar havo,

qiy-chuvlar,

hushtaklar

suronlar joʻshar, harsillar,

guldirar oʻjar qoʻtoslar,

jon kirib quturgan togʻlarga oʻxshab, –

“r” tovushi takroriga asoslangan A. boʻlib, tovush takrori parchaga shiddatli hayajon ruhiga mos jarang va ohang baxsh etadi. Aslida, eng muhimi, A.ni badiiy vosita sanash asosi ham shu: tovush takrorining emotsionallikni, muayyan his-tuygʻular ifodasini kuchaytirishga xizmat qilmogʻi shart qilinadi. Mazkur shart bajarilmagan oʻrinlarda tovush takrori badiiy vosita emas, balki tilda mavjud tovushlarning nutqdagi tabiiy takroridir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish