← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Allyuziya

Allyuziya (lot. allusio – ishora, hazil) – barchaga tanish deb hisoblangan real siyosiy, maishiy, tarixiy yoki adabiy faktga ishora qilishga asoslangan stilistik usul. Mohiyatan sharq mumtoz sheʼriyatida keng qoʻllangan talmeh (q.) sanʼatiga yaqin keladi. Farqli jihati shuki, talmehda koʻproq mashhur tarixiy va badiiy faktlarga ishora qilinsa, A.da ijodkor oʻz zamonasidagi siyosiy, maishiy yoki badiiy faktlarga ishora qilishi ham mumkin. Yaʼni A.da ishora obyektining doirasi kengroq. Mas., Faxriyor:

Darvoqe, orzu.

Orzu miltiq emas,

Sheʼrning intihosida

Otilmaydi, –

deganida, Chexovning “Sahnada miltiq osigʻliq boʻlsa, u albatta otilishi kerak” degan mashhur iborasiga ishora qiladi.

Sh.Rahmonning “Tuhmat” sheʼrida esa ishora obyekti oʻzgacha:

Kecha oʻgʻri boʻldi,

bugun vahshiydir

endi butun dunyo bilar bu haqda.

Qanday moʻmin edi,

qanday yaxshiydi

anqayib jimgina terganda paxta.

Bu oʻrinda ishora 80-yillar ijtimoiy-siyosiy faktlariga qaratilgan: shoirning “kecha oʻgʻri boʻldi” deganida sobiq Ittifoq markaziy matbuoti siyosiy maqsadlar bilan nogʻora qilib chalgan, yangi tariximizga “oʻzbeklar ishi”, “paxta ishi” degan nomlar bilan kirgan mudhish voqealar, “bugun vahshiydir” deganida esa Oʻsh, Fargʻona voqealariga ishora bor. Taʼkidlamoq joizki, publitsistik ruhda yozilgan sheʼrlardagi A.lar vaqt oʻtishi bilan izohga, sharhga muhtoj boʻlib boradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish