← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Anafora

Anafora (yun. anaphora – oldinga, yuqoriga chiqarish) – soʻz yoki soʻzlar guruhining misra yoki band boshida takrorlanishi, soʻz takrorining xususiy koʻrinishi. A. maʼlum fikr, his-tuygʻu, holat va h.ni taʼkidlab koʻrsatishga xizmat qiladi, tabiiy ravishda, sheʼrning xushohangligini ham oshiradi. Mas., U.Hamdamdan olingan quyidagi parchada:

Bir holat...

Holatki, ismimni eslay olmayman,

Holatki, qasdida har nega shayman,

Holatki, koʻzimga koʻrinmas dunyo,

Holatki, hayotim eng shirin roʻyo,–

tavsif etilayotgan holat mazmunan kuchaytirib boriladi, A. esa taʼkidlash orqali maʼnoni yanada kuchaytiradi. A. eng koʻp qoʻllanuvchi stilistik usullardan biri boʻlib, sheʼriyatda uning turli koʻrinishlari mavjud. Mas., A.Qutbiddinning qator sheʼrlarida (“Sensizman”, “Aka”, “Istardim”) barcha bandlar bitta soʻz bilan boshlanadi. Yoki I.Otamurodning “Kun boʻyi sukutga choʻmdi telefon” sheʼrining barcha toq misralari “kun boʻyi” birikmasi bilan, boshqa bir sheʼrining barcha toq misralari “ichkari”, juft misralari “tashqari” soʻzi bilan, “Kanglum, kim ham sening hadding sigʻdirar” sheʼrida esa toʻrtlik bandlarning birinchi ikki misrasi “kanglum”, keyingi ikki misrasi esa “birgina” soʻzi bilan boshlangan. Mazkur sheʼrlar A. koʻp hollarda nafaqat stilistik vosita, balki sheʼrning kompozitsion asosini belgilovchi usul sifatida ham namoyon boʻlishini koʻrsatadi. A.ning kompozitsion-stilistik imkonlaridan I.Otamurodning “Yobondagi yolgʻiz daraxt” dostonida, ayniqsa, samarali foydalanilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish