← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Amr va nahiy

Amr va nahiy (ar. امر و نهي – buyurish va man qilish ) – insho yoʻllaridan biri, fikrni ifodalash usuli, lirik qahramon kechinmalarining biron bir harakatga undash yoki, aksincha, undan qaytarish, man qilish tarzida bayon etilishi. Oʻquvchini yaxshi ishni qilish va yomon ishdan saqlanishga chorlov mazmunidagi baytlarda, mohiyatan, A. va n. bilan kalomi jomiʼ (q.) sanʼati qorishiq qoʻllanadi. A.va n. ham deyarli barcha shoirlar ijodida uchraydi. Mas., Navoiyning:

Nozaninlar benavolargʻa tarahhum aylangiz,

Lutf agar yoʻqtur, gʻazab birla takallum aylangiz, –

baytida amr, yaʼni undash boʻlsa, Haziniyning:

Ajab motamsaro dunyo ekan poyoni yoʻq bilsam,

Ki sen dunyogʻa magʻrur oʻlmagʻilkim, hargiz vafo qilmas, –

baytida nahiy, yaʼni qaytarish mazmuni aks etgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish