← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Analogiya

Analogiya (yun. analogia – oʻxshashlik, mushtaraklik) – adabiy asardagi obrazlar, syujet motivlari, ayrim epizodlar, xarakterlar va sh.k.larda kuzatiluvchi mushtaraklik, oʻxshashliklar. A.lar bitta asar doirasida ham, shu asar bilan boshqa (turli davr yoki turli milliy adabiyotlarga mansub) asarlar orasida ham kuzatilishi mumkin. Mas., “Oʻtgan kunlar” romanidagi Otabek va usta Olim, “Kecha”dagi Zebi va Maryam taqdirlari orasidagi A.lar yozuvchiga qiyos vositasida muayyan fikrlarni ifodalash, muammoni anglash va anglatishda muhim oʻrin tutadi. Shuningdek, asarda yozuvchi tomonidan ongli ravishda yoki boshqa sabablar bilan voqe boʻluvchi A.lar ham kuzatilishi mumkin. Mas., “Oʻtgan kunlar” bilan xalq dostonlari syujet motivlarida A.lar kuzatiladiki, ular gʻarb adabiyotiga xos roman janrini milliy zaminga oʻtqazilishi, milliy adabiy anʼanalar taʼsiri oʻlaroq voqe boʻlgan. Choʻlponning “Kecha” romani bilan A.Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon”, L.Tolstoyning “Tirilish” va “Anna Karenina” romanlari orasida ham qator A.lar mavjud boʻlib, birlari ijodiy taʼsirlanish, boshqalari ijodiy musobaqa istagi natijasida yuzaga kelgan.

A.lar muayyan milliy adabiyot tarixining turli bosqichlari orasida ham, turli milliy adabiyotlar orasida ham kuzatilishi mumkin. Mas., oʻzbek jadid adabiyoti bilan 80-yillar oʻzbek sheʼriyati orasida qator gʻoyaviy-tematik va badiiy-uslubiy A.lar kuzatiladi; xuddi shu hol oʻzbek jadid adabiyoti bilan Yevropa maʼrifatchilik adabiyoti orasida ham mavjud. Bu esa A.ni tarixiy-qiyosiy adabiyotshunoslikning markaziy kategoriyalaridan biriga aylantiradi. Tarixiy-qiyosiy adabiyotshunoslik turli davr yoki turli milliy adabiyotlardagi A.larni aniqlash, ularning omillarini oʻrganish asosida koʻlamli nazariy umumlashmalar chiqarish, adabiyot taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini aniqlashni maqsad qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish