Anaxronizm (yun. ana – orqaga, qarshi; chronos – vaqt) – oʻtmishni badiiy aks ettirish jarayonida yoʻl qoʻyiluvchi vaqt bilan bogʻliq noaniqliklar, xatolarning umumiy nomi. A. tasvirlanayotgan davrga oid boʻlmagan faktlar (voqealar, shaxslar, inonch-eʼtiqodlar, gʻoyalar, maishiy detallar va sh.k.), tamom oʻzga zamonga xos xususiyatlarning kirib qolishi bilan voqe boʻladi. A.ning yuzaga kelish sabablari turlicha. Faktlarni yetarli darajada oʻrganmaslik yoki eʼtiborsizlik oqibatida yuzaga kelgan A. bilan muayyan gʻoyaviy-badiiy maqsadni koʻzlab yoʻl qoʻyilgan A.ni farqlash kerak. Keyingi holda A. tarixiylik va zamonaviylik muammosi doirasiga kirib ketadi. Oʻtmish mavzusidagi asarda zamona ruhi, zamona xususiyatlarining aks etishi tabiiy, shunday ekan, muayyan gʻoyaviy-estetik maqsad taqozosi bilan voqe boʻlgan A.ga badiiy shartlilikning bir koʻrinishi sifatida qarash mumkin.
Анахронизм (юн. аna – орқага, қарши; chronos – вақт) – ўтмишни бадиий акс эттириш жараёнида йўл қўйилувчи вақт билан боғлиқ ноаниқликлар, хатоларнинг умумий номи. А. тасвирланаётган даврга оид бўлмаган фактлар (воқеалар, шахслар, инонч-эътиқодлар, ғоялар, маиший деталлар ва ш.к.), тамом ўзга замонга хос хусусиятларнинг кириб қолиши билан воқе бўлади. А.нинг юзага келиш сабаблари турлича. Фактларни етарли даражада ўрганмаслик ёки эътиборсизлик оқибатида юзага келган А. билан муайян ғоявий-бадиий мақсадни кўзлаб йўл қўйилган А.ни фарқлаш керак. Кейинги ҳолда А. тарихийлик ва замонавийлик муаммоси доирасига кириб кетади. Ўтмиш мавзусидаги асарда замона руҳи, замона хусусиятларининг акс этиши табиий, шундай экан, муайян ғоявий-эстетик мақсад тақозоси билан воқе бўлган А.га бадиий шартлиликнинг бир кўриниши сифатида қараш мумкин.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.