← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Annotatsiya

Annotatsiya (lot. annotatio – izoh, sharh) – asar mazmunining qisqacha bayoni. Noshirlik amaliyotida kitoblarning ichki muqovasida, ilmiy maqolalarning sarlavhasidan keyin beriladi. Bu xil A.larni berishning tartibi shakllangan. Jumladan, kitoblarga beriluvchi A.larda muallif, kitobning tarkiblanishi, mavzusi, ahamiyati va sh.k.lar haqida; ilmiy maqolalarga yozilgan annotatsiyalarda esa qoʻyilgan muammo, uni tadqiq etish usullari, olingan natijalar va sh.k.lar haqida qisqacha maʼlumot beriladi. Shuningdek, bibliografik koʻrsatkichlarda ham A.lar beriladiki, bu ularning foydalanishda qulay boʻlishini taʼminlab, amaliy ahamiyatini oshiradi. A. asarning oʻziga xos “pasporti” boʻlib, u bilan umumiy tarzda tanishtiradi, oʻquvchining informatsiya oqimidan oʻziga kerakli materialni tanlashiga yordam beradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish