← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Antifrazis

Antifrazis (yun. anti – zidlik qoʻshimchasi, phrasis – gap, jumla) – kinoyaning faol qoʻllanuvchi koʻrinishi, nutq jarayonida soʻz yoki jumlaning teskari maʼnoda ishlatilishi. A. kontekstdan anglashilib turgan konkret hayotiy holatga, sogʻlom mantiqqa yoxud soʻzlovchining maqsadiga muvofiq kelmaydigan gap sifatida namoyon boʻladi. A. tasvir predmetiga yozuvchi munosabatini ifodalashda, ayniqsa, qoʻl keladi. M.M.Doʻstning “Isteʼfo” qissasida bu usuldan keng foydalanilgan. Mas., Binafshaxon qizini himoya qilib: “Qizimiz kimdan kam? Oʻzi husndor boʻlsa, diplomi yaqin qoldi, aqli-odobi joyida. Oʻzbekcha gapirishniyam biladi...” – deydi. Mantiqan qaraganda, “oʻz ona tilida gaplasha olish” fazilat emas, buning maqtovga doʻngani personaj maʼnaviy qiyofasini ochib beruvchi muhim chizgiga aylanadi. Ayni chogʻda, bu oʻrinda kinoya subyekti Binafshaxon emas, balki muallifning oʻzi, kinoya-A. yozuvchining qahramoniga, u mansub muhitga munosabatini ifodalaydi. Qissadagi boshqa bir personaj esa “oʻzimizdayam doʻxtir koʻp, barisi ota qadrdon, porayam soʻramaydi”, – deydiki, bu oʻrinda personaj ham, muallif ham birdek kinoya subyektidir. Har qanday kinoya singari A.ning mazmuni ham kontekstda reallashadi. Mas., birinchi misoldagi Binafshaxonning gapi zamirida kinoya borligini anglash uchun oʻtgan asrning 70 – 80-yillari muhiti, jamiyatda oʻz tili, milliy urf-odatlariga bepisand qarab, oʻzicha “madaniylash”gan, aslida esa “manqurt”lashgan qatlam paydo boʻlgani haqida tasavvurga ega boʻlish taqozo etiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish