← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Antiteza

Antiteza (yun. antithesis – qarshilantirish) – 1) obraz zamiridagi narsa, hodisa, tushunchalarni keskin qarshilantirishga asoslangan stilistik figura, bu maʼnoda tazodga toʻgʻri keladi. A. uslubiy bezak sifatida antik davrlardan boshlab keng qoʻllaniladi. A.da qarshilantirish, asosan, antonim soʻzlar vositasida voqe boʻladi, shu sababli ham u doim ochiq koʻzga tashlanadi. A. fikr-tuygʻuni aniq-ravshan, taʼkidlab, emotsional toʻyintirib ifodalashga xizmat qiladi. Mas., Ogahiyning “Ey shoh, karam aylar chogʻi teng tut yamonu yaxshini” misrasida “yamonu yaxshi” A.si “hammani, barchani” maʼnolarini beradi. Lekin uni shu soʻzlardan biri bilan almashtirib boʻlmaydi. Chunki “yamonu yaxshi” A.sida aytilmoqchi boʻlgan fikr “yaxshi demay, yomon demay – hammani” tarzida taʼkidlanib, konkretlashtirib ifoda etilmoqda; agar “teng tut hammani” deyilishida emotsional jihatdan neytrallik boʻlsa, A.da eʼtibordan chetda qolganlikdan kelgan alam-iztirob ham aks etadi; 2) hozirgi adabiyotshunoslikda A. termini stilistik figuragina emas, umuman kontrast maʼnosida ham ishlatiladi. Bu holda A.ga badiiy usul deb qaraladi hamda badiiy asardagi unsurlarining bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilishi nazarda tutiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish