← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiha

Badiha (ar. بديهه – oʻylovsiz, birdaniga aytilgan chiroyli soʻz, topqirlik) – avvaldan maxsus tayyorlanmasdan, dafʼatan aytilgan sheʼr; ekspromt (q.). B. biror voqeadan qattiq taʼsirlanish, mushoiralarda oʻzga shoir aytgan sheʼrga javoban yoki qaltis vaziyatdan hozirjavoblik bilan chiqish zarurati tufayli yaratiladi. B. sheʼr shoirdan yuksak darajadagi obrazli tafakkurni, sheʼr texnikasini mukammal egallash, badiiy sanʼatlardan oʻrinli va mohirona foydalana olish, qonkret narsa-hodisa, voqea yoki holatni zudlik bilan va zakiyona baholab, ulardan badiiy umumlashma chiqara olish kabi malakalarni talab etadi. Manbalarda janr xususiyatlari jihatidan qulay boʻlgani uchun B.ning koʻproq ruboiy yoki qitʼa koʻrinishida bitilishi aytiladi. Mas., Boburning bir qator ruboiylari B. tarzida yozilgan: chogʻir majlislarida, qir-adirlar bagʻridagi sayrlarda, togʻlarda sarson yurgan kezlarida, uzoqlarda qolgan yaqinlaridan maktub yo biror xabar keltirilganda B. tarzida yaratilgan ruboiylardan bir qanchasi “Boburnoma”da eslatib oʻtilgan. Jumladan, Xoja Kalonning Dehlidagi uyi shiftiga bitib ketgan “Agar sogʻu salomat Sind daryosidan oʻtib olsam, yuzim qaro boʻlsin Hindni yana orzu havas qilsam” mazmunidagi baytiga javoban Bobur “Men dagʻi badihada bir ruboiy aytib, bitib yibordim” deydi-da, quyidagi ruboiyni keltiradi:

Yuz shukr de, Boburki, Karimu Gʻaffor,

Berdi senga Sindu Hindu mulk bisyor.

Issiqligʻiga gar senga yoʻqtur toqat,

Sovuq yuzin koʻray desang Gʻazni bor.

Soʻfizoda ham “badihagoʻy shoir” sifatida shuhrat qozongan. Uning turli munosabatlar bilan koʻcha devorlariga, darvozalarning tepasiga, choyxona eshiklariga yozib qoldirgan B.lari xalq orasida mashhur boʻlgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish