← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy asar

Badiiy asar – adabiyot va sanʼatning voqe boʻlish va yashash shakli, yaxlitlik kasb etgan obrazlar tizimi, badiiy muloqot vositasi. Keng maʼnoda B.a. sanʼatning u yoki bu turi (musiqa, rassomlik, haykaltaroshlik, kino, teatr va h.)ga mansub boʻlgan, insonning goʻzallik qonuniyatlari asosidagi ijodiy-ruhiy faoliyati mahsuli sifatida yaralgan yangi mavjudlikni anglatadi, yaʼni bu maʼnoda alohida olingan musiqa asari ham, haykal yoki rangtasvir ham, film yoki spektakl ham – bari B.a. sanaladi. Termin faol qoʻllanuvchi tor maʼnosida badiiy adabiyotga mansub boʻlgan “adabiy badiiy asar”ni bildiradi. Shu oʻrinda adabiyotga mansub etiluvchi asarlarning hammasi ham B.a. boʻlavermasligini, “adabiy asar” bilan “adabiy badiiy asar” tushunchalari farqlanishini taʼkidlash lozim (q. adabiyot, belletristika). Yaʼni “adabiy asar” tushunchasining qamrov doirasi keng boʻlib, “adabiy badiiy asar” uning tarkibiga kiradi. Mas., hikoya, qissa, roman, memuar, sayohatnoma, esse janrlarida bitilgan asarlarning hammasi – “adabiy asar”, biroq sanalganlar ichida hikoya, qissa va romanga nisbatangina “badiiy asar” deyish mumkin (q. poeziya). Adabiyotga mansub B.a. til vositalaridan tarkib topuvchi matn, u ham mohiyat eʼtibori bilan nutq hodisasidir. Nutq esa, maʼlumki, jarayon boʻlib, bu jarayonning amalga oshishi uchun adresant va adresatning boʻlishi talab etiladi. Yaʼni B.a. muloqot asosida dunyoga keladi: yozuvchi ijod onlarida tasavvuridagi oʻquvchi bilan muloqotda boʻladi – unga muayyan badiiy informatsiyani yetkazadi, oʻzining oʻy-hislari bilan oʻrtoqlashadi, u bilan bahslashadi, uni nimalargadir ishontirishga intiladi va h. Ayni shu muloqot – ijod jarayoni asar matnida muhrlanadi. Asarni oʻqish jarayonida muloqot qaytadan jonlanadi: endi yozuvchi “tasavvurdagi suhbatdosh” mavqeiga oʻtsa, oʻquvchi real suhbatdoshga aylanadi. Badiiyat hodisasi faqat ikki ong tutashgan nuqtada (M.Baxtin)gina, yaʼni ijod (yozuvchi va tasavvurdagi oʻquvchi) va oʻqish (oʻquvchi va tasavvurdagi yozuvchi) jarayonlaridagina mavjud. Boshqacha aytsak, matn oʻqish (hamda ijod) jarayonidagina B.a.ga, badiiyat hodisasiga aylanadi, oʻqilmagan paytda esa u bir jism – qogʻoz, muqova, rangdan iborat narsa, xolos. Shunga koʻra, B.a. soʻz sanʼatining voqe boʻlish (moddiylashish) shaklidir. Ikkinchi tomondan, oʻzida muloqot jarayonini aks ettirgan badiiy matnda keyingi muloqotlar potensial holda mavjud: u har gal oʻqilganda, muloqot (badiiyat hodisasi) jonlanaveradi, shunga koʻra, B.a. soʻz sanʼatining yashash shaklidir. Ijodkor va oʻquvchi orasidagi badiiy muloqotni amalga oshirishga xizmat qilgani uchun ham B.a. badiiy muloqot vositasi deb tushuniladi. B.a.da ijod jarayoni, sanʼatkor ongida kechgan ijodiy-ruhiy jarayon akslanadi. Sanʼatkorning ijod onlaridagi ijodiy-ruhiy holati betakror boʻlib, bitta daryoga ikki bora shoʻngʻib boʻlmaganidek, uning xuddi shu ijodiy-ruhiy holatga qayta tushishi mumkin emas. Demak, oʻzida muayyan ijodiy-ruhiy holatni aks ettirgan badiiy asar ham betakror (fenomenal) hodisadir. Ikkinchi tomondan, oʻsha ijodiy-ruhiy holatning oʻzi tom maʼnodagi butunlik, ijod onlarida reallikdan uzilib, Ideal oʻlchoviga oʻtgan sanʼatkorning maʼnaviy-ruhiy butunligi. B.a.dagi har bir unsur esa oʻsha betakror va butun ijodiy-ruhiy holat mahsuli, unda bironta ham ortiqcha unsur mavjud emas. Zero, asardagi barcha unsurlar, hatto bizga ortiqchadek tuyulganlari ham muallifning ijod onlaridagi ruhiy holatini, demakki, asarning mazmun-mohiyatini oʻzida aks ettiradi. Anglashiladiki, badiiy asar – butunlik, bu butunlikdagi biror-bir unsurni asar mazmun-mohiyatiga putur yetkazmagan holda olib tashlash mumkin emas. Sababi, badiiy asarni tashkil qilayotgan unsurlarning bari bir-biri bilan mustahkam aloqada, ayni shu aloqalar asosida butunlik yuzaga keladi, yaʼni badiiy asar – qismlardan tashkil topayotgan butunlik, sistem butunlikdir. Uning qismlari orasidagi aloqa shu qadar muhimki, ularning yetarlicha anglanmasligi asarni chala, oʻz mohiyatidan oʻzgacha tushunishga olib kelishi mumkin. Zero, har bir qism butun talabiga mos kiritilgan, demak, qismlar orqali butun tushuniladi, qismning mohiyati butun tarkibidagina namoyon boʻladi. Demak, B.a.ni oʻqiyotgan odamdan uning sistem butunlik ekanini hamisha yodda tutish, har bir qismni alohida va boshqa qismlar bilan aloqadorlikda, shuningdek, uni bir butun holicha ham tasavvur eta bilish talab qilinadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish