← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy obraz

Badiiy obraz – adabiyot va sanʼatning fikrlash shakli, olam va odamni badiiy idrok etish vositasi, badiiyatning umumiy kategoriyasi. Lugʻaviy maʼnosida har qanday aksni bildiruvchi “obraz” soʻzi turli fan sohalarida (falsafa, psixologiya) muayyan terminologik maʼnoda qoʻllanadi. Jumladan, estetika va adabiyotshunoslikda u “badiiy obraz” maʼnosida tushuniladi. B.o. deganda, borliq (undagi inson, narsa, hodisa va h.)ning sanʼatkor koʻzi bilan koʻrilgan va ideal asosida ijodiy qayta ishlangan aksi tushuniladi. Albatta, bu aksda borliqning koʻplab tanish izlari bor, biroq endi u biz bilgan borliqning ayni oʻzi emas, balki undan shartlilik asosida ajralgan yangi mavjudlik – badiiy borliqdir. Xuddi shu hol B.o.ni obyektiv va subyektiv ibtidolar birligiga aylantiradi. Yaʼni, bir tomondan, borliqning aksi sifatida B.o. makon va zamonda mavjud boʻlgan konkret narsadek his etiladi. Ikkinchi tomondan, u tushuncha, tasavvur, faraz va sh.k. tafakkur unsurlariga xos xususiyatlarga ega: ijodkor B.o. vositasida fikrlaydi, borliqni oddiygina aks ettirmasdan, uni ijodiy qayta yaratadi. Shunga koʻra, B.o.ning vujudga kelishini quyidagicha sxemada koʻrsatish mumkin: borliqning hislar orqali ongda akslanishi – tafakkur kuchi bilan oʻz maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlariga mos ijodiy qayta ishlash va umumlashtirish – konkret his etiladigan tarzda (B.o. shaklida) ifodalash. Konkret his etiladigan tarzda ifodalangan B.o. qator spetsifik xususiyatlarga ega. Avvalo, B.o. individuallashtirilgan umumlashma sifatida namoyon boʻladi. Voqelikdagi har bir narsa-hodisada turga xos umumiy xususiyatlar bilan uning oʻzigagina xos xususiyatlar mujassamdir. Narsa-hodisaning umumiy xususiyatlariga tayanuvchi abstrakt tafakkurdan farqli oʻlaroq, obrazli tafakkur uning individual xususiyatlariga tayangan holda fikrlaydi. Deylik, fan umuman odam haqida (mas., biolog umuman odamning fiziologik xususiyatlari haqida) soʻz yuritishi mumkin, biroq sanʼat hech vaqt umuman odam obrazini yarata olmaydi. Shu maʼnoda konkretlilik – B.o.ning muhim spetsifik xususiyatidir. Misol uchun, A.Oripovning “Ayol” sheʼridagi ayol obrazi oʻzida katta badiiy umumlashmani tashiydi va shu bilan birga u oʻquvchi tasavvurida konkret bir inson sifatida gavdalanadi. Sanʼat konkret narsa-hodisaning individual xususiyatlarini boʻrttirish orqali umumlashtirishga erishadi. Mas., A.Qahhor “Oʻgʻri” hikoyasida amin haqida: “ogʻzini ochmasdan qattiq kekirdi, keyin baqbaqasini osiltirib kuldi”, “chinchalogʻini ikkinchi boʻgʻinigacha burniga tiqib kuldi” qabilidagi individual belgilarni boʻrttiradi. Shu individual belgilarni boʻrttirish bilan adib zamona amaldorlariga xos umumiy xususiyatni – qoʻl ostidagi fuqaro taqdiriga befarqlikni koʻrsatadi. Yaʼni individuallashtirish hisobiga, bir tomondan, amin obrazi koʻz oldimizda konkret inson sifatida gavdalanadi, ikkinchi tomondan, obraz badiiy umumlashmalilik kasb etadi. Shu tariqa B.o.da bir-biriga zid ikki jihat (individuallik va umumiylik) uygʻun birikadi. Shunga oʻxshash, B.o. oʻzida aql bilan hisni ham birlashtiradi, shu bois uni ratsional va emotsional birlik sifatida tushuniladi. B.o.dagi ratsional jihat shuki, uning yordamida ijodkor oʻzini qiynagan muammolarni badiiy idrok etadi. Mas., “Kecha” romanidagi qator obrazlar yordamida Choʻlpon Turkistonning tarixiy taraqqiyoti masalalari, yurtining ertasi bilan bogʻliq muammolarni badiiy tadqiq etadi, obrazlar tizimi vositasida bu boradagi fikr-qarashlarini shakllantiradi va oʻzi anglagan haqiqatni badiiy konsepsiya (tugal bir qarash, tizim holidagi badiiy xulosa) tarzida ifoda etadi. Ayni paytda, asardagi obrazlarda adibning hissiy munosabati ham oʻz aksini topgan. Hissiy munosabat badiiy konsepsiyani shakllantirishda, asar mazmunining oʻquvchiga yetkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir konkret obrazning hissiy tonalligi turlicha boʻlib, bu, birinchi galda, ijodiy niyat bilan bogʻliqdir. “Kecha”ning boshlanishidayoq Choʻlpon Zebiga bir turli, Razzoq soʻfiga yana bir turli, Akbaraliga esa boshqa bir turli munosabatda boʻladi. Voqealar rivoji davomida hissiy munosabatda ham maʼlum oʻzgarishlar kuzatiladi. Jumladan, asar boshlanishidagi Zebiga shaydolik toʻla mehr susayib (adib xarakter mohiyatini xolis idrok etadi), Razzoq soʻfi yoki Akbaraliga nisbatan mazaxli nafrat qisman achinishga (adib ularning taqdiridagi fojelikni kashf etadi) aylanib boradi. Yaʼni xarakter mohiyatiga kirilgani sari hissiy munosabatda oʻzgarish yuzaga keladi. Hissiy munosabatdagi oʻzgarish oʻqish jarayonida kitobxonga ham oʻtadi va ayni shu narsa uni asar mazmunini adib istagandek tushunishiga yoʻnaltiradi. Demak, B.o.dagi ratsional va emotsional jihatlar uygʻunligi badiiy konsepsiyaning shakllantirilishida ham, ifodalanishida ham birdek muhim ekan.

B.o.ning muhim xususiyatlaridan yana biri uning koʻp maʼnoliligi boʻlib, bu uning metaforikligi va assotsiativligi bilan belgilanadi. B.o.ga xos “metaforiklik”ni “oʻxshashlik” bilangina bogʻlab qoʻymaslik lozim. Yaʼni “metaforiklik” deganda, B.o.ning bir narsa mohiyatini boshqa bir narsa orqali ochishga intilishi, sanʼatga xos fikrlash yoʻsini tushuniladi. Chinakam sanʼatkor nigohi mohiyatga qaratiladi, u narsa-hodisalar orasidagi tashqi oʻxshashlikka emas, nigohimizdan yashirin ichki oʻxshashligiga tayanib fikrlaydi. U biz kutmagan ichki oʻxshashlikni kashf etadi, natijada oʻsha biz bilgan narsa-hodisa koʻz oldimizda butkul yangicha bir tarzda gavdalanadi, oʻzining bizga noayon qirralarini namoyon qiladi. Mas., shoir (X.Davron) rangtasvir sanʼati haqida yozadi: “Musavvir boʻlmoq ersang, Tilingni sugʻurib ol Va yaradan toʻkilgan qon rangiga quloq sol”. Albatta, rangtasvirda ranglar “gapirishi” hammaga maʼlum, biroq ayni shu fikrni “gapirayotgan qon rangi” obrazi orqali berilgani – kashfiyot, metaforik fikrlash natijasi va xuddi shu narsa bizni hayratga soladi, shuurimizda muqim oʻrnashadi. Mohiyatga qaragan sanʼatkor qobigʻiga oʻralib yashayotgan odam bilan sassiq koʻlmakdagi tilla baliqcha yoxud oʻzida cheksiz kuch-qudrat sezgani holda maqsadsiz yashayotgan odam bilan bemaqsad uchib yurgan burgut orasida (A.Oripov), turgʻunlikning biqiq muhitida yashayotgan ziyoli bilan bir izdan betoʻxtov yurayotgan tramvay (A.Aʼzam) yoki qatagʻon sharoitida ijod qilayotgan shoir bilan vahshiy qoyalar orasida quyoshga oppoq gul uzatgancha nafis chayqalayotgan naʼmatak (Oybek) orasida oʻxshashliklar topadi, birining mohiyatini ikkinchisi orqali ochib beradi. Keltirilgan misollar obrazli tafakkurda yuksak darajadagi assotsiativlik boʻlishini koʻrsatadi. Maʼlumki, asssotsiativlik umuman inson tafakkuriga xos, tashqi olam taʼsirida ongimizda biror narsaning aksi paydo boʻlishi hamono u bilan bogʻliq assotsiatsiyalar ham uygʻonadi. Mas., “qish” deyilishi bilan xayolimizda assotsiativ tarzda “qor”, “sovuq”, “poʻstin”, “chana” kabi u bilan bogʻliq tushunchalar ham uygʻonadi. Obrazli tafakkur yuksak darajada assotsiativ sanalishiga sabab shuki, reallikda koʻrilgan bir narsa sanʼatkor xayolida butunlay boshqa bir narsani, u bilan mutlaqo aloqasi boʻlmagan narsani uygʻotishi mumkin. Shu bois ham sanʼatkor yuqoridagicha oʻxshashliklarni topadi va B.o.da aks etiradiki, natijada obraz yuksak darajadagi assotsiativlik kasb etadi, shu asosda u koʻp maʼnolilik xususiyatiga ega boʻladi. Buni, ayniqsa, assotsiativlik darajasi yuqori boʻlgan ramziy obrazlar misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Mas., Oybekning “Naʼmatak” sheʼridagi tabiat manzarasini B.o. deb olsak, tabiiyki, uning birinchi maʼnosi tabiat manzarasining oʻzi. Holbuki, oʻz vaqtida shoir assotsiativ ravishda shu manzarada istibdod tuzumi sharoitidagi ijodkor taqdirini koʻrgan va shu maʼnoni ifodalagan. Shu bilan birga, obrazning maʼno koʻlami shular bilangina cheklanmaydi: oʻquvchi oʻz hayotiy tajribasi, sheʼrni oʻqish paytidagi ruhiy holati bilan bogʻliq ravishda unda tamom boshqa mazmunni, oʻz mazmunini ham topishi mumkin. Koʻp maʼnolilik nafaqat ramziy, balki tom maʼnodagi realistik obrazlarga ham xos, faqat bunda koʻp maʼnolilikning yuzaga kelish mexanizmi oʻzgacha, u B.o.ning yaxshi maʼnodagi notugalligi bilan bogʻliqdir. Sanʼatkor ifodalamoqchi boʻlgan fikr B.o.da tugal aytilmaydi (yaʼni kitobxon ogʻziga chaynab solib qoʻyilmaydi), B.o.ning ayrim chizgilari punktir (uzuk-uzuk chiziqlar) bilan tortiladi. Yaʼni sanʼatkor B.o.da maʼlum imkoniyatlar yaratadi-da, ularni roʻyobga chiqarishni oʻquvchiga qoldiradi. Bu xil imkoniyatlar, ayniqsa, “obyektiv tasvir” yoʻsinidan borilgan, yozuvchi xolis kuzatuvchi mavqeida turgan asarlarda kuchli namoyon boʻladi. Garchi asarda tasvirlangan narsa bitta boʻlsa-da, oʻquvchilar (ijodiy tasavvur imkoniyati, xarakteri, dunyoqarashi va b.ga koʻra) turlicha boʻlgani uchun konkret B.o. ularning ongida turlicha akslanadi, turli xulosalarga olib keladi. Shu bois ham oʻquvchilar tasavvurida minglab Otabegu Kumushlar, Qobil boboyu Saidalar, Zebiyu Miryoqublar yashaydi. B.o.ga xos shu xususiyat tufayli ham asarni turli davrlarda turlicha tushunish, uning zamiridan yangi-yangi maʼnolarni ochish imkoni yaratiladiki, ayni shu narsa chinakam sanʼat asarini boqiylikka daxldor etadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish