← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy obraz turlari

Badiiy obraz turlari – adabiyotshunoslikda badiiy obrazlar turlicha tasnif etiladi, bu turlichalik tasnif uchun qaysi jihat asos qilib olingani bilan bogʻliqdir. Jumladan, ijodkor estetik ideali bilan munosabatiga koʻra ijobiy va salbiy obrazlar, ijodiy metodga koʻra realistik, romantik va b., yaratilish usuliga koʻra fantastik, grotesk va b., xarakter xususiyati va estetik belgisiga koʻra tragik, satirik, yumoristik obrazlar farqlanaveradi. Shuningdek, baʼzan badiiy obrazning tasvir planidan kelib chiqib, inson obrazi, jonivorlar obrazi, narsa-buyumlar obrazi tarzidagi atamalar ham qoʻllanadi. Albatta, ilmiy muomalada bu kabi tasniflar, atamalar ham oʻrni bilan kerak. Biroq mavjud tasniflarning hech biri badiiy obrazlarni toʻla qamrab ololmaydi. Qamrov koʻlami kengroq tasniflardan biri badiiy obrazlarni 1) predmetlilik darajasi; 2) umumlashtirish darajasi; 3) tasvir va ifoda qatlamlari munosabati (strukturasi)ga koʻra guruhlashni (M.Epshteyn) koʻzda tutadi.

Predmetlilik darajasi deyilganda, badiiy obraz tasvirlayotgan narsaning koʻlami nazarda tutilib, bu jihatdan badiiy reallik toʻrtta sathdan tarkib topadi: 1) detal obrazlar; 2) voqea-hodisalar obrazi; 3) xarakter va sharoit; 4) dunyo va taqdir obrazi (badiiy reallik). Detal obrazlar (tafsilotlar, narsa-buyumlar, portret, peyzaj)dan badiiy reallikning ikkinchi qatlami – ichki yoki tashqi harakatdan tarkib topuvchi voqea-hodisalar obrazi oʻsib chiqadi. Shu harakat ortida turib uni yurgizayotgan “xarakter va sharoit” uchinchi qatlamni tashkil qiladi va oldingilarini birlashtirgan holda “dunyo va taqdir” obrazini yuzaga keltiradi. Yaʼni badiiy reallik gʻishtchalardan – butunni tashkil qiluvchi unsurlardan tashkil topadi, bu unsurlar oʻzaro predmetlilik darajasi, tasvir koʻlami jihatidan farqlanadi.

Umumlashtirish darajasiga koʻra badiiy obrazning qator koʻrinishlari farqlanadi. Jumladan, inson obraziga tatbiqan individual obraz, xarakter va tip ajratiladi. Biroq bularning orasidagi farq doim ham yaqqol emas, bu xil tasnifda muayyan shartlilik saqlanib qoladi. Individual obraz deb oʻziga xos feʼl-atvori, gap-soʻzlari, betakror xarakter xususiyatlari bilan namoyon boʻluvchi obraz tushuniladi (mas., “Oʻtmishdan ertaklar”dagi Babar, “Mening oʻgʻrigina bolam” hikoyasidagi Roqiya bibi). Xarakter esa muayyan davr va muhit kishilariga xos eng muhim, xarakterli umumiy xususiyatlar bilan alohida shaxsga xos individual xususiyatlarni oʻzida mujassam etgan obrazdir. Muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoit, davr va muhitga xos muhim xarakterli xususiyatlarni oʻzida namoyon etgan obraz esa tip deb yuritiladi. Umumlashtirish darajasiga koʻra badiiy obrazning yana adabiy-madaniy anʼanalar doirasida muayyan turgʻun shaklga aylanib, asardan asarga koʻchib yurish xususiyatiga ega boʻlgan motiv, topos, arxetip deb yuritiluvchi koʻrinishlari ham ajratiladi. Motiv (motiv obraz) shakliy va mazmuniy jihatlardan muayyan turgʻunlik kasb etgan, bir yoki bir necha ijodkorning asarlarida qaytarilib turishi bilan ularning ijodiy intilishlarini namoyon etib turuvchi obrazdir. Mas., Choʻlpon ijodi uchun “yoʻl” obrazi motiv sanalishi mumkin. Chunki bu obraz uning ham sheʼriy, ham nasriy asarlarida tez-tez takrorlanadi. Yoki “yulduz”, “yoʻlchi” motivlari XX asr 20 – 30-yillari sheʼriyatida, xususan, A.Fitrat, Choʻlpon, Oybek va U.Nosir asarlarida koʻp uchraydi. Topos motivga nisbatan kengroq tushuncha boʻlib, u milliy madaniyatda katta bir adabiy davr mobaynida takrorlanuvchi obraz sanaladi. Oʻzbek mumtoz sheʼriyatidagi paygʻambarlar obrazlari, gul va bulbul, sham va parvona kabi takrorlanuvchi obrazlar topos sanalishi mumkin. Arxetip deganda esa inson tafakkuri, ijodiy tasavvuriga xos boʻlgan turgʻun “sxema”lar, konstruksiyalar, qoliplar tushunilib, ularning izlarini eng qadimgi davrlardan boshlab to hozirgi adabiyotgacha koʻrish mumkin boʻladi. Arxetip konstruksiya va sxemalardan oʻziga xos “syujet va syujet holatlari” jamgʻarmasi hosil boʻladiki, ular asardan asarga, davrdan davrga koʻchib yuradi. Mas., “bulbul – gul – chaqirtikanak”.

Yuqorida aytilganidek, badiiy obraz voqelikdagi narsa-hodisaning ijodiy qayta ishlangan aksi, shunga koʻra, u oʻsha narsa-hodisani konkret his etiladigan tarzda tasvirlaydi. Ayni chogʻda, tasvirlangan narsa muayyan mazmunni ifodalashga xizmat qiladi. Demak, strukturasiga koʻra badiiy obraz tasvir va ifoda planlaridan iborat ekan. Badiiy obrazning tasvir va ifoda planlari bir-biri bilan turlicha munosabatda boʻladi, shundan kelib chiqqan holda, avtologik, metalogik va superlogik obrazlar ajratiladi. Avtologik obrazda tasvir va ifoda planlari bir-biriga mos tushadi (mas., chinor tasvirlangan va chinor nazarda tutilgan). Metalogik obrazda tasvirlanayotgan narsa bilan ifodalanayotgan narsa mos boʻlmasa-da, ularda koʻchimlardagi kabi mushtarak nuqta bor (mas., chinor tasvirlanadi – sobitlik, ulugʻvorlik kabilar nazarda tutiladi), superlogik obrazda esa tasvir bilan ifoda mos emas, ularni bogʻlovchi mushtarak nuqta ham yoʻq: tasvir muayyan shartlilik asosida va kontekst doirasidagina koʻzlangan mazmunni ifodalaydi (chinor tasvirlanadi – butun bir xalq nazarda tutiladi).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish