← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy psixologizm

Badiiy psixologizm – badiiy asarda toʻlaqonli inson obrazini yaratishning muhim vositalaridan biri; personaj ruhiyatining ochib berilishi, xatti-harakatlari va gap-soʻzlarining psixologik jihatdan asoslanishi, shu maqsadlarga xizmat qiluvchi usul va vositalarning jami. Yozuvchi personaj ruhiyatini bevosita yoki bilvosita tasvirlab berishi mumkin. Personaj oʻy-kechinmalari, his-tuygʻularining “ichki monolog”, “ong oqimi” tarzida yoki muallif tilidan (oʻziniki boʻlmagan muallif gapi) bayon qilinishi psixologik tasvirning bevosita shakli hisoblanadi. Asardagi personaj ruhiyatining uning xatti-harakatlari, gap-soʻzlari, yuz-koʻz ifodalari (mimikasi), undagi fiziologik oʻzgarishlarni koʻrsatish orqali ochib berilishi esa bilvosita psixologik tasvirdir. Ruhiy tasvirning bu ikki koʻrinishi bir-birini toʻldiradi, shu bois ham muayyan personaj ruhiyatini tasvirlashda yozuvchi bularning ikkisidan ham oʻrni bilan foydalanadi. Shuningdek, personaj ruhiyatini ochishda yozuvchi tabiat tasviridan yoki boshqa biror narsa obrazidan foydalanishi mumkin boʻladiki, bu ham bilvosita psixologizmning koʻrinishidir. Mas., “Oʻtgan kunlar” romanida A.Qodiriy Kumushning turmushga berilish xabarini eshitgan Otabek ruhiyatini “Xoʻja Maʼoz” qabristoni manzarasi orqali aks ettirsa, uning Kumush hijronida yashagan paytlardagi ruhiy holatini “Navo” kuyining sharhida umumlashtirib ifodalaydi. Adabiy asarda xarakter ruhiyatini ochish, umuman, inson obrazini yaratishning muhim vositalaridan yana biri personaj nutqidir. Zamonaviy nasrda dialog salmogʻining ortishi barobaridadadada personaj nutqining obraz yaratishdagi mavqei ham kuchaydi. Personaj nutqini individuallashtirish orqali uning shaxsiyati, dunyoqarashi, muayyan hayotiy holatdagi ruhiyati haqida oʻquvchiga koʻp narsalarni yetkazish mumkin. Dialoglarda personaj nutqi muallifning qisqa, loʻnda sharhlari bilan taʼminlanadi. Personajning yuz-koʻz ifodasi, mimikasi, undagi fiziologik oʻzgarishlar haqida maʼlumot beruvchi bu sharhlar juda katta ahamiyat kasb etadi. Ular oʻquvchiga personaj nutqini “eshitish”, xatti-harakatlarini “koʻrib turish” va shu asosda uning ayni paytdagi ruhiyatini his qilish imkonini yaratadi. Adabiyotshunoslikka oid manbalarda B.p.ning dinamik, tipologik va analitik prinsiplari farqlab koʻrsatiladi. Dinamik prinsipda personaj ruhiyati uning muayyan hayotiy situatsiyalarda oʻzini tutishi, xatti-harakatlari va gap-soʻzlari orqali ochiladi, mohiyatan bu dramatik asar personajlari ruhiyatini ochish usuliga oʻxshash, shu bois dinamik prinsip baʼzan psixologik tahlilning dramaturgik usuli deb ham taʼriflanadi. B.p.ning tipologik prinsipi personaj ruhiyatini u shakllangan va harakatlanayotgan muhit shart-sharoitlari bilan bogʻlagan, shulardan kelib chiqqan holda tasvirlashni nazarda tutadi. Analitik prinsip esa personaj dilidagi his-tuygʻular, ongidagi oʻy-fikrlarning ildizlari, tadrijini jarayon tarzida izchil va atroflicha tasvirlashni taqozo etadi. Bunda bir hisdan ikkinchi his, bir oʻydan boshqa bir fikr oʻsib chiqadi, ular bir-birini toʻldiradi, sifat jihatidan oʻzgartiradi va hokazo. Bu esa personaj taqdiri, qarashlari va amallaridagi keskin burilishlarni tayyorlash va koʻrsatishga imkon beradiki, u baʼzan B.p.ning “qalb dialektikasi” shakli deb ham yuritiladi. Aytish kerakki, muayyan personaj ruhiyati tasvirida bu uchala prinsip ham qorishiq holda namoyon boʻladi, ulardan biri yetakchilik qilgani holda, boshqalari uni toʻldirish, konkretlashtirishga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish