← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy tahlil

Badiiy tahlil (ar. حلَّ – tekshirish, hal qilish) – adabiy asarning mazmun-mohiyatini idrok etish, uning yaxlit estetik hodisa sifatidagi mavjudligini turli aspektlarda oʻrganib, oʻziga xosligini ochib berish va qimmatini belgilashga qaratilgan hissiy-intellektual faoliyat. Tahlil atamasi ilmda keng qoʻllanuvchi analiz (yun. analysis – qismlarga ajratish) terminining sinonimi sifatida ishlatiladi. Har ikki atama ham butunni anglash uchun uni qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar bilan aloqasi va butunlikning yuzaga chiqishidagi oʻrnini oʻrganishni koʻzda tutadi. Ayrimlar badiiy asarni tirik organizmga qiyos etishadi-da, “uni qismlarga ajratish jonsiz tanaga aylantirishdan boshqa narsa emas”, degan qarashga tayanib, tahlilga qarshi chiqadilar. Biroq bu xil qarash asossizdir. Zero, birinchidan, adabiyotshunoslikdagi tahlil ham – oʻqish, faqat bunda badiiy asarni tadqiqotchi sifatida oʻqish tushuniladi. Yaʼni tadqiqotchining asarni qismlarga ajratishi maqsad emas, bir vosita – asarning badiiyat hodisasi sifatidagi mavjudligini, undagi oʻquvchi ongi va ruhiyatiga taʼsir qilayotgan, uning u yoki bu tarzda tushunilishiga asos boʻlayotgan omillarni oʻrganish vositasidir. Ikkinchidan, B.t. jarayonida har vaqt talqin amali ham majud (bu oʻrinda talqin “interpretatsiya”ning sinonimi). Keng maʼnoda “talqin” soʻzi oʻzga tomonidan aytilgan gap yoxud yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.) mazmunini anglash, uni maʼlum yaxlitlikda tushunish va tushuntirish (adabiyotshunosning maqsadi tushunishning oʻzigina emas, tushuntirish hamdir) maʼnolarini anglatadi. Boshqacha aytganda, talqin badiiy asardagi “obrazlar tili”ni “mantiq tili”ga oʻgirmoq, obrazlar vositasida ifodalangan mazmunni tushunish va tushuntirmoqdir. Shunday ekan, chinakam ilmiy boʻlishi uchun talqinning tahlilga tayanishi shart qilinadi. Zero, agar talqin qiluvchi shaxs badiiy matnni chuqur bilmasa, asar qismlarini, ularning oʻzaro aloqalarini yetarli tasavvur qilolmasa, uning talqini ilmiylikdan yiroq subyektivlik kasb etadi. Boshqa tomondan, badiiy adabiyotning obrazlar orqali fikrlashi, obraz esa assotsiativ tafakkur mahsuli ekanligi eʼtiborga olinsa, talqin subyektsiz mavjud emasligi ham ayon. Chunki ijodkorning assotsiativ fikrlashi mahsuli oʻlaroq yaratilgan va asarda aks etgan obrazning mazmun qirralari faqat subyekt ongidagina (yaʼni uning ham assotsiativ fikrlashi asosida) qayta tiklanishi mumkin boʻladi. Bular badiiy asarni tushunish jarayonida tahlil va talqin har vaqt hozirligiga yorqin dalildir. Oddiy oʻquvchidan farq qilaroq, adabiyotshunos badiiy asarni talqin qilishda tahlilga tayanadi, uning talqini tahlil asosida yuzaga kelgani uchun ham ilmiy sanaladi. Shu maʼnoda tahlil talqinning ilmiy asosi, badiiy asarni tadqiqotchi sifatida oʻqish va uqish demakdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish