← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy tasvir va ifoda vositalari

Badiiy tasvir va ifoda vositalari – badiiy asarda narsa-hodisalarni jonli tasvirlash, his-tuygʻu va kechinmalarni yorqin ifodalashga xizmat qiluvchi til vositalarining umumiy nomi. Adabiyotshunoslikda ushbu tushuncha turli nomlar bilan yuritiladi: figuralar, sintaktik figuralar, stilistik figuralar, tilning poetik vositalari, tilning badiiy-tasviriy vositalari, tasviriy vositalar, ifoda-tasviriy vositalar va b. Avvalo, tilning badiiyligi B.t. va i.v.ning ishlatilishi bilan belgilanmaydi, ular ishlatilmagan holda ham badiiy tilning bosh spetsifik xususiyatlari – obrazlilik (tasviriylik) va emotsionallik mavjud boʻla oladi: B.t. va i.v. mazkur xususiyatlarni kuchaytirib namoyon etishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, badiiy adabiyot soʻz vositasida tasvirlaydi (obrazlilik), ayni paytda, badiiy adabiyotdagi tasvir quruq emas, u his-tuygʻularga yoʻgʻrilgan (emotsionallik)dirki, shu tasvir orqali muayyan oʻy-fikr, his-kechinma ham ifoda etiladi. Yaʼni bitta vositaning oʻzi ham tasvir, ham ifodaga xizmat qiladi. Demak, bu vositalarning bunisi tasvir, bunisi ifoda vositasi deb ajratish toʻgʻri boʻlmaydi. Shu bilan birga, mazkur vositalarni badiiy tasvir vositalari debgina yuritish ham maʼqul emas: ayrim vositalar (mas., takrorlar, ritorik soʻroq, ritorik murojaat, ellipsis, jim qolish va b.) borki, ular ifodaviylikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Yaʼni ular badiiy tasvir vositalari termini qamrov doirasidan chetda qoladi. Shu sababli ushbu tushuncha B.t. va i.v. tarzida atalgani maʼqulroqdir.

B.t. va i.v. tildan foydalanishda muayyan badiiy-estetik maqsadni koʻzlab umumodatiy normadan ogʻish (yaʼni til unsurlarini odatdagidan oʻzga shakl, maʼno, tartib, munosabat va sh.k.larda qoʻllash) natijasida yuzaga keladi va tasvirning jonli, ifodaning taʼsirli boʻlishiga xizmat qiladi. Bu xil ogʻishlar tilning turli sathlarida – fonetik (alliteratsiya, assonans), morfologik (asindeton, polisindeton), leksik (arxaizm, dialektizm, jargon), semantik (troplar), sintaktik (inversiya, soʻz takrori, sintaktik parallelizm, ellipsis, xiazm) sathlarda kuzatilishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish