← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy til

Badiiy til – badiiy asar tili, soʻz sanʼatining asosiy quroli, badiiy adabiyotning obraz yaratish vositasi; poetik til, badiiy adabiyot tili kabi shakllarda ham ishlatiladi. Yaʼni badiiy adabiyot birlamchi belgilar sistemasi sanaluvchi til vositasida ikkilamchi belgilar sistemasini – badiiy voqelikni tashkil qiluvchi obrazlar tizimini yaratadi. Adabiyotshunoslikda B.t.ni alohida hodisa deb tushunuvchilar ham, uni milliy tilning alohida vazifaga (yaʼni badiiy muloqot uchun) xoslangan koʻrinishi sifatida biluvchilar ham mavjud. Agar B.t. milliy til negizida vujudga kelishi, milliy til elementlari vositasida badiiy obrazlar yaratilishi va ayni shu obrazlar ikkilamchi belgi (yaʼni yuqoriroq sathdagi oʻziga xos til birligi) sifatida badiiy muloqotni amalga oshirishi eʼtiborga olinsa, ikkinchi qarash haqiqatga yaqinroq koʻrinadi. Shunga koʻra, B.t. atamasini qoʻllashda maʼlum shartlilik bor: alohida hodisa sifatida mavjud boʻlmagani holda u badiiy asar(lar) doirasi (yaʼni amalga oshib boʻlgan badiiy nutq)dagina mavjudki, aniqlik talabi bilan tushuncha baʼzan badiiy asar tili tarzida ifodalanishi shundan. Yirik rus filolog olimi G.Vinokur B.t.ga taʼrifni: “Badiiy til deganda badiiy asarlar yozishda ishlatiladigan til tushuniladi”, – deya boshlagan edi. Maʼlumki, badiiy asarlar yozishda qandaydir alohida tildan emas, balki kundalik muloqotdagi kabi milliy til unsurlaridan foydalaniladi. Avvalo, kundalik muloqot tili ham, badiiy til ham informatsiya yetkazish va informatsiya olishga xizmat qiladi. Biroq bu ikkisi yetkazayotgan informatsiyaning tabiati turlicha: kundalik muloqot tili oddiy informatsiya yetkazsa, badiiy til badiiy informatsiyani yetkazadi. B.t yetkazayotgan informatsiya – obrazli informatsiya, zero, uning vositasida sanʼatkor tasavvurida yaralgan obraz moddiylashadi. Badiiy obraz esa voqelikning konkret his etiladigan, oʻquvchi ongida qayta jonlanadigan ijodiy aksidir. Tilning ilmiy, rasmiy va h.k. funksional uslublarida yetkazilgan informatsiya tushuncha sifatida, badiiy informatsiya esa konkret obraz tarzida qabul qilinadi; obraz sanʼatkor qalbida ijodiy qayta ishlangani bois hamisha hissiyotga yoʻgʻrilgandir. Shunga koʻra, B.t.ning eng muhim belgilovchi (spetsifik) xususiyatlari obrazlilik (tasviriylik) va emotsionallikdir. Badiiy tafakkur taraqqiyoti davomida B.t. imkoniyatlari kengayib boradi, uning anʼanalari shakllanib, vorisiylik asosida avloddan-avlodga oʻtadi. B.t.da anʼanaviy tarzda qoʻllanuvchi tasvir va ifoda vositalari (q. badiiy tasvir va ifoda vositalari), badiiy obraz yaratishda yarimtayyor mahsulot sifatida xizmat qiluvchi unsurlar (q. motiv, ramz, allegoriya, emblema) majmui shakllanadi; matnlararo aloqadorlik asosida ishoraning oʻzi bilan B.t.ning ifoda imkonlarini kengaytirish mumkin boʻladi va b. Buning natijasida B.t. kundalik muloqot tilidan butkul farqli alohida hodisadek, shunday maqomga egadek koʻrinaveradi. Shunga qaramay, u alohida hodisa emas, balki milliy til bazasida voqe boʻlib, milliy tildan badiiy informatsiyani shakllantirish va yetkazish maqsadida foydalanish shaklidir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish