← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy toʻqima

Badiiy toʻqima (ruschadan kalka: “xudojestvennыy vыmыsel”) – yozuvchining ijodiy tasavvur va taxayyuli mahsuli, voqelikda real asosi yoki toʻliq oʻxshashi mavjud boʻlmagan badiiy obrazlar, hayotiy holatlar, voqealar va sh.k.ni yaratishda namoyon boʻluvchi badiiy ijodning muhim komponenti. Muhimligidan, antik davrlardan boshlab to XVII – XVIII asrlarga qadar B.t.ga ijodning birlamchi sharti, poeziya (badiiy adabiyot)ning belgilovchi xususiyati deb qaralgan, unga B.t.dan mosuvo asarlar – proza qarshi qoʻyilgan. Hozirda ham B.t. adabiy asar (q. belletristika) bilan adabiy badiiy asarni farqlovchi belgiligicha qolmoqda. B.t.ning mohiyati va ahamiyatini tarixiy mavzudagi asarlar misolida tushunish qulay. Yozuvchi tarixiy manbalarni oʻrganadi, faktlar, voqealar, ularning ishtirokchilari haqida maʼlumotlarni yigʻadi. Uning endigi vazifasi – oʻrganganlarini badiiy qayta ishlash: badiiy voqelikda faktlar jonlanishi, voqealar yuz berishi, shaxslar yashashi lozim. Xuddi shu narsa – badiiy tasavvurni ishga solgan holda oʻtmish hayotini qayta yaratish ijod boʻlib, unda B.t.ning roli beqiyosdir. Shunday yondashilsa, “tarixiy shaxs obrazi” bilan “toʻqima obraz”ni qarshi qoʻyishimizda ham kattagina shartlilik borligi ayon boʻladi. Mas., manbalarda Abdullatifning padarkushligi qayd etilgan. Hammaga maʼlum faktni badiiy mushohada etgan O.Yoqubovni fojianing ildizlari qiziqtiradi: u farzandni padarkush etgan omillarni – u voyaga yetgan muhitni, bu muhitdagi murakkab munosabatlarni, farzandning otaga mehrsiz boʻlib qolishi sabablarini, qahramoni ruhiyatidagi ziddiyatlar va sh.k.larni anglashga intiladi. “Ulugʻbek xazinasi” uchun quruqqina syujet sxemasini bergan faktlar B.t. vositasida toʻldiriladi va, oqibat, oʻquvchi koʻz oʻngida jonli Abdullatif butun murakkabligi bilan namoyon boʻladi. Demak, garchi Abdullatifni tarixiy obraz deb taʼriflasak-da, uning yaratilishida ham B.t.ning salmogʻi katta ekan. Xuddi shu gapni hayotdagi real voqeaga, real prototiplarga asoslangan zamonaviy mavzudagi asarlarga nisbatan ham, umuman, har qanday badiiy asarga nisbatan ham toʻla asos bilan qoʻllash mumkin. Zero, badiiy voqelik unsurlari uygʻun aloqadagi butunlik va unda jonli xarakterlar harakatlanar ekan, bu narsa faqat ijodkorning badiiy tasavvur kuchi tufayligina mumkin boʻladi va bunda B.t. muhim butlovchi ashyo – “sement” vazifasini oʻtaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish