← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiy shakl va mazmun

Badiiy shakl va mazmun – voqelikdagi har qanday narsa oʻzining tashqi koʻrinishi (shakli) va shu shakl orqali anglashilayotgan mohiyati (mazmun)ga ega. Shakl va mazmun kategoriyalari umumfalsafiy xarakterda boʻlib, ular voqelikni (narsani) idrok qilishda muhim ilmiy abstraksiyalardir. Zero, shakl va mazmun tarzida boʻlish shartli, negaki, ular – yaxlit bir narsaning har vaqt birlikda mavjud boʻlgan va bir-birini taqozo etadigan ikki tomoni. Shakl narsaning biz bevosita koʻrib turgan, his qilayotgan tomoni va aynan u bizga oʻsha narsaning nimaligini – mazmun-mohiyatini anglatadi. Mazmun muayyan shakldagina yashaydi, shaklsiz mazmun boʻlmaganidek, mazmunsiz shakl ham mavjud emas. Boshqa har qanday narsa singari, badiiy asar ham shakl va mazmunning yaxlit birligidir. Shuning uchun badiiy shakl (B.sh.), badiiy mazmun (B.m.) tushunchalarining atigi ilmiy abstraksiya ekanini unutmaslik lozim. Yaʼni biz yaxlit butunlik – badiiy asarni atroflicha tahlil qilish, bu ishni osonlashtirish maqsadidagina shu xil shartli boʻlishga yoʻl qoʻyamiz. Aslida esa B.sh. mazmunsiz, B.m. esa shaklsiz mavjud emas. Zero, B.sh. B.m.ning biz qabul qilayotgan mavjudligi, B.m. esa uning ichki maʼnosi, magʻzidir.

Badiiy asarda shakl va mazmun oʻzaro dialektik aloqada boʻlib, ular bir-birini taqozo etadi, bir-biriga taʼsir qiladi, bir-biriga oʻtadi. B.sh. bilan B.m.ning oʻzaro munosabatida keyingisi yetakchi mavqega ega boʻlib, u shaklni hosil qilishda juda faoldir. Sanʼatkor ijodiy niyatidan kelib chiqqan holda boʻlgʻusi asarning shaklini belgilaydi, yana ham aniqrogʻi, boʻlgʻusi asarning mazmuni uning shaklini belgilaydi. Mas., jamiyatning joriy holatini badiiy idrok etish, u haqdagi hukmini badiiy konsepsiya tarzida shakllantirish va ifodalash maqsadini koʻzlagan ijodkor roman shaklini tanlaydi. Chunki ayni shu shakl ijodiy niyatda koʻzda tutilgan mazmunga har jihatdan muvofiq keladi va oʻsha niyat ijrosi uchun imkon beradi. Shu bilan birga, B.sh. nisbiy mustaqillikka ega hamdir. Har bir davr adabiyotida keng qoʻllanilib kelayotgan, oʻquvchi ommaga tushunarli va oʻzining nisbatan turgʻun koʻrsatkichlariga ega boʻlgan shakllar mavjud. Shunga koʻra, sanʼatkor ifodalashni koʻzda tutgan mazmunni oʻsha shakllar doirasiga sigʻdirishga intiladi. Mas., sahna uchun asar yozayotgan ijodkor uni pardalarga, koʻrinishlarga boʻladi, syujet voqealarini ijro vaqtiga sigʻdiradi, dialoglarni sahna ijrosi uchun mos holga keltiradi, ularni remarkalar bilan taʼminlaydi va h. Shakl konservativroq hodisa boʻlganligidan uzoq yashovchanlik xususiyatiga ega. Mazmun esa oʻzgaruvchanlikka moyil hodisa boʻlib, har bir badiiy asar mazmunan oʻzicha originaldir. Sababi, oʻsha asarni yaratgan ijodkor – individ, u dunyoni oʻzicha koʻradi va baholaydi. Shunga koʻra, hatto oshkor taqlidiy ruhdagi asar ham mazmunan original sanalishi mumkin. Mas., hikoya janri oʻzining asosiy shakliy xususiyatlari bilan badiiy adabiyotda uzoq vaqtlardan beri mavjud. Ayni shu B.sh.da minglab yozuvchilar ifodalagan turfa B.m.larning sanogʻiga yetib boʻlmaydi. Albatta, har bir hikoyaning shaklida ham muayyan oʻziga xosliklar boʻladi, biroq hikoyaga xos asosiy shakliy belgilar saqlanib qolaveradi. Mazmunning shaklga oʻtish hodisasi, avvalo, genetik asosga egadir. Mas., gʻazal janri dastlab mazmun hodisasi boʻlib, “ayollarga xushomad, muhabbat” mazmunidagi sheʼriy asar gʻazal deyilgan. Keyincha, gʻazal oʻz mazmuniga mos eng muvofiq shaklga ega boʻlgach, u shakl hodisasiga – turgʻun sheʼriy janrga aylandi. Yoki italyancha “yangilik” soʻzidan olingan novella ham dastlab mazmun hodisasi edi: novella deyilganda, jonli qiziqish uygʻotuvchi yangi voqeani hikoya qiluvchi asar tushunilgan. Ayni chogʻda, novella oʻziga xos shakl xususiyatlariga ham ega boʻlgan: qisqalik, syujet oʻtkirligi va b. Keyincha novellaga xos shakliy xususiyatlar muqimlashib, oʻziga xos shakl – novella janri yuzaga keladi. Shuningdek, shakl va mazmunning bir-biriga oʻtishi bir asar doirasida ham kuzatiladi. Bu badiiy asarning sistema ekani, har qanday sistema quyi va yuqori darajadagi strukturaviy boʻlaklardan tarkib topishi bilan bogʻliq. Mas., til obrazga nisbatan shakl, obraz tilga nisbatan mazmun; ayni paytda, obrazning oʻzi badiiy mazmunni ifodalash shakli. Yoki badiiy obrazning predmetlilik darajasiga koʻra turlari (detal – fabula – xarakter va sharoit – dunyo obrazi) ham shaklning mazmunga, mazmunning shaklga oʻtishiga misol boʻla oladi.

Badiiy asar qimmatini belgilashda mazmun va shaklning oʻzaro muvofiqligi eng muhim mezonlardan sanaladi. Badiiyat goʻzal shaklda ifodalangan aktual, umuminsoniy qadriyatlarga mos mazmunni taqozo qiladi. Shunday ekan, shaklni badiiyat, mazmunni gʻoyaviylik (bunda ham, albatta, shartlilik bor) hodisasi sifatida tushunib, har ikkisiga birdek eʼtibor berish zarur. Adabiyotshunoslikda mazkur qoidadan chekinilgan hollar ham boʻlgan, albatta. Shaklning nisbiy mustaqilligini mutlaqlashtirib, uni badiiyatning bosh mezoni sifatida qaraganlar formalistlar deb yuritiladi (q. formalizm, formal metod). Shuningdek, badiiy asarning shakliga koʻz yumib, uning qimmatini mazmundan kelib chiqibgina baholashga urinishlar ham boʻlgan. Xususan, 20-yillar shoʻro adabiyotshunosligida maydonga kelgan “vulgar sotsiologizm” tarafdorlari faoliyatida badiiy asarni faqat gʻoyaviy mazmunidan, sinfiy mohiyatidan kelib chiqib baholash amaliyoti kuzatiladi (q. vulgar sotsiologizm). Badiiy adabiyotga bunday yondashuv uning sanʼat hodisasi ekanligini inkor qilish, uni mafkura quroliga aylantirishning qoʻpol koʻrinishi edi. Garchi shoʻro adabiyotshunosligi vulgar sotsiologizmga oʻz vaqtida keskin zarba bergan boʻlsa-da, uning oʻzi ham bir oyogʻi bilan shu mavqeda turar, yaʼni mohiyatan badiiy adabiyotga shu xil yondashuvning “yumshoq” varianti edi. Shoʻro davrida yangi tuzumni, kommunistlar partiyasini, proletariat dohiysini ulugʻlagan badiiy jihatdan nochor asarlarning ragʻbatlantirilib, chinakam badiiyat hodisasi sanaladigan asarlarning eʼtibordan chetda qolgani, eng yomoni, tazyiq ostiga olingani buning yorqin dalilidir. Bundan badiiy asarni uning tabiatidan kelib chiqqan holda, shakl va mazmunni birlikda olib tekshirish zarur ekani ayon boʻladi. Tabiiyki, badiiy asarni oʻrganishda ulardan biri diqqat markaziga qoʻyilishi mumkin. Shunda ham, mas., asar shakli haqida fikr yuritayotganda, uning mazmunni uyushtirish va ifodalash, taʼsirdorligiyu badiiy jozibasini oshirishdagi ahamiyatini; mazmun haqida fikr yuritganda esa uning shaklga qay darajada muvofiqligini nazardan qochirmaslik taqozo etiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish