← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiylik

Badiiylik – ijodiy-ruhiy faoliyat mahsuli oʻlaroq dunyoga kelgan asarning sanʼatga mansubligini belgilovchi xususiyatlar majmui. Obrazlilik B.ning birlamchi sharti sanalib, u voqelikni badiiy obrazlar orqali idrok etish, badiiy obrazlar vositasida fikrlash demakdir. Obrazlilik sanʼatning oʻzak xususiyati boʻlib, u yoʻq joyda B. ham mavjud emas. B. tarixiy kategoriya sanaladi, uning talab va mezonlari har bir davrning maʼnaviy-estetik ehtiyojlari, badiiy didi bilan bogʻliq holda oʻzgarib turadi. Shunga qaramay, B.ning javhari boʻlgan barqaror shartlar ham mavjud. Jumladan, B.ning muhim shartlaridan biri mazmun va shaklning uygʻun birligi, ularning oʻzaro muvofiqligidir. B.ning mazkur sharti inson uchun (insoniyat uchun) ahamiyatli mazmunning goʻzal shaklda ifodalanishi, badiiy mukammal asarning organik butunlikka aylanishi demakdir. Butunlik esa asarda bironta ham ortiqcha, tasodifiy, ahamiyatsiz unsur mavjud boʻlmasligi, undagi barcha shakl unsurlari mazmunni, estetik obyektni shakllantirishga qaratilishini taqozo etadi. Shu shartga dosh bera oladigan badiiy jihatdan mukammal asarning ortigʻi ham, kami ham yoʻq – unga biron narsa qoʻshib ham, olib ham boʻlmaydi, ikkala holda ham butunlikka putur yetadi. Shunday butunlik asosida irreal olam – badiiy reallik voqe boʻladi. Bu voqelik reallikka nechogʻli monand boʻlmasin, u baribir shartlilik xususiyatini saqlab qoladiki, ayni shu shartlilik B.ning yana bir muhim talabidir. Badiiy voqelik obrazlar vositasida yaralgan irreal olam ekanligini, badiiy shartlilikni qabul qilgan holdagina unga estetik obyekt sifatida yondashish mumkin boʻladi. Yaʼni shu tufayligina badiiy voqelik reallik bilan chalkashtirilmaydi, badiiy asar matn darajasidagina qolib ketmasdan, estetik obyekt sifatida tasavvurda qayta yaraladi. Qayta yaratilishning asosi badiiy asarning oʻquvchiga yoʻnaltirilganligidirki, bu B.ning yana bir muhim belgisi sanaladi. Badiiy asar avvalboshdanoq muayyan oʻquvchiga moʻljallab yoziladi, unda oʻsha oʻquvchi egallashi va shundan turib badiiy voqelikni jonlantirishi kerak boʻlgan joy hozirlangan. Bu esa oʻquvchini estetik subyektga aylantiradi, uni estetik obyektni qayta yaratishga undaydi. Yaʼni oʻqish – ijodiy jarayon, chunki oʻquvchi yozuvchi yetkazayotgan mazmunning oddiy isteʼmolchisi emas, u belgilar asosida badiiy voqelikni qayta yaratayotgan ijodkordir. Ijodkorlik haqida esa originallik bor holdagina gapirish mumkinki, u B.ning muhim sharti hisoblanadi. Zero, chinakam badiiy asar betakror, original hodisadir. Unda sanʼatkorning ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holati, shu onlarda ayon boʻlgan MAʼNO akslanadi. Ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy holat betakror boʻlganidek, oʻsha MAʼNO ham betakrordirki, u endi faqat oʻqish jarayonida – qayta yaratish jarayonida voqe boʻladi. Garchi MAʼNO sanʼatkor – alohida bir shaxs hayotiy tajribasi, maʼnaviy-ruhoniy izlanishlari mahsuli oʻlaroq voqe boʻlsa-da, ijod onlarida u reallikdan uzilib IDEAL bagʻrida, universal inson maqomida turgan. Xuddi shu hol MAʼNOning universalligini taʼmin etadiki, universallik B.ning yana bir belgisidir. Shu universallik tufayli ham chinakam badiiy asar kim haqda yozilganidan qatʼi nazar, hamma haqida, qaysi goʻsha haqida yozilishidan qatʼi nazar, butun olam haqida boʻladi, bashariyatning maʼnaviy mulki, qadriyatiga aylana oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish