← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Badiiylik moduslari

Badiiylik moduslari (ruschadan kalka: “modusы xudojestvennosti”) – badiiylik koʻrinishlari; badiiylik qonuniyatlari (badiiy butunlik, shartlilik, oʻquvchiga yoʻnaltirilganlik, originallik, universallik)ning namoyon boʻlish usullari. Modus tushunchasi adabiyotshunoslikka kanadalik olim Nortrop Fray tomonidan kiritilgan. Fray moduslarni ajratishda muallifning badiiy asar qahramoniga nisbatan nuqtai nazarini asos qilib oladi hamda moduslarning mif, rivoyat, yuksak-mimetik, tuban-mimetik, kinoyaviy modus turlarini ajratadi. N.Frayga koʻra, mifning qahramoni maʼbudlar, rivoyatniki sehrli kuchlar, yuksak-mimetik modusdagi asarlar (epos va tragediya)ning qahramoni esa qahramon-yetakchidir. Mazkur moduslarning qahramoni muallif va kitobxondan balandda turadi. Tuban-mimetik modus (komediya va realistik adabiyot)ning personajlari xuddi biz qatori odamlardir, kinoyaviy modus personaji aql va kuchda bizdan quyida turadi, uning erksizligi va mavjudligining maʼnisizligini goʻyo yuqoridan turib kuzatamiz. N.Fray oʻzining modus nazariyasida badiiylikning umumestetik koʻrinishlari – moduslar bilan adabiy janrlar orasiga chegara qoʻymaydi. Undan farqli ravishda rus olimi V.Tyupa B.m. tushunchasi ostida qahramonlik, tragizm, satira, yumor, sarkazm, idilliyaviylik, elegiyaviylik, dramatizm, kinoya kabi tushunchalarni birlashtiradi. Odatda, badiiy mazmunning subyektiv tomoni deb hisoblab kelingan yuqoridagi tushunchalarga pafos (q.), gʻoyaviy-emotsional baho, muallif emotsionalligi tiplari sifatidagina qaralishi mazkur hodisalarning mohiyatini toraytirish boʻladi. Badiiylik subyekt – obyekt – adresat butunligidagina namoyon boʻlar ekan, pafos tushunchasi badiiylikning faqat bir qirrasigina sanalishi mumkin. Mas., tragiklik faqat gʻoyaviy-hissiy munosabat yoki muallif emotsionalligi boʻlibgina qolmay, oʻz navbatida, qahramonni tipiklashtirishning oʻziga xos koʻrinishi hamdir. Shu bilan birga, tragiklik kitobxonda tragizmga xos katarsisni talab qiladi, kitobxonda tragik katarsis sodir boʻlsagina, badiiylik roʻyobga chiqqan deb hisoblash mumkin. Demak, yuqorida sanalgan tragizm, satira, yumor, dramatizm kabi tushunchalar muallifga nisbatan olinganda pafos, qahramonga nisbatan olinganda tipiklashtirishning alohida koʻrinishini, kitobxonga nisbatan esa shu ikkisiga, yaʼni pafos va tipiklashtirishga mos katarsisni anglatadi. Mazkur uch hodisaning birligi B.m.ning konkret bir turini yuzaga chiqaradi.

Badiiylik markazida shaxs va unga qarama-qarshi turgan tashqi olamning oʻzaro munosabati, “men –

olamda” konsepsiyasi yotadi. B.m. esa shaxs mavjudligining ruhiy-amaliy tajribasiga estetik analogiya sifatida namoyon boʻladi. Yaʼni tragiklik, satiriklik, dramatiklik, eng avvalo, shaxsning oʻz-oʻzini anglashi va namoyon etishi shakllari boʻlib, badiiy asarda ulardan biri asosiy oʻrin tutadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish