← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Bahr

Bahr (ar. بحر – dengiz) – aruzda yozilgan sheʼrda ruknlarning takrorlanish tartibi, konkret sheʼrdagi oʻlchov asosi. Aruzda hijo, rukn, misra va bayt (arab aruzida harf, juzv, rukn, bahr, bayt) sheʼrning oʻlchov birliklari boʻlib, bunda bayt konkret sheʼrning ritmik jihatdan tugal birligi, boshqalari esa uning tarkibiy qismlari sanaladi. B. misra doirasida voqe boʻladi, chunki ilk misradagi ruknlar tartibi keyingi misralarda aynan takrorlanadi. Yaʼni aruzda 8 ta rukn (asl)ning muayyan tartibdagi takroridan B.lar hosil boʻladi va ularning har biri oʻz nomiga ega. A.Navoiy “Mezon ul-avzon”da koʻrsatishicha, aruzda 19 ta bahr mavjud, Bobur esa “Muxtasar”da 21 ta bahrni koʻrsatadi. B.larning yettitasi (mutaqorib, mutadorik, hazaj, ramal, rajaz, komil va vofir) bitta rukn takroridan (mas.: mafoiylun / mafoiylun... – hazaj; foilotun / foilotun... – ramal) hosil boʻladi, birgina mafʼulotu asli oʻzi mustaqil holda B. hosil qilmaydi. Bittadan olingan ikkita asl takroridan yana 8 ta B. (muzoriʼ, hafif, mujtass, munsarih, muqtazab, tavil, madid va basit ) hosil boʻladi (mas., mafoiylun / foilotun... – muzoriʼ; foilotun / mustafʼilun... – hafif). Ikkita bir xil va bitta boshqa asl takroridan esa qolgan 4 ta B. (qarib, mushokil, gʻarib va sariʼ) hosil boʻladi (mas., foilotun / foilotun / mustafʼilun – qarib; foilotun / foilotun / mafoiylun – mushokil). Oʻzbek tili xususiyatlari bilan bogʻliq holda sheʼriyatimizda B.lar qoʻllanishdagi faollik darajasiga koʻra farqlanadi: agar hazaj, ramal, rajaz, muzoriʼ, hafif, mujtass, munsarih, sariʼ, mutaqorib B.lari faol qoʻllangan boʻlsa, mutadorik, komil tavil B.lari juda kam uchraydi; vofir, muqtazab, madid, basit, qarib, mushokil, gʻarib, ariz, amiq B.lari esa sheʼriyatimizda ishlatilmagan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish