← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ballada

Ballada (fr. ballade – raqsbop qoʻshiq) – 1) oʻrta asrlar fransuz adabiyotidagi qatʼiy sheʼriy shakl, bir xil qofiyalanish tartibidagi (ababbcbc) har biri sakkiz misradan tashkil topgan uchta band, bandning oxirgi misrasi tarjeʼ sifatida takrorlanadigan, oʻquvchiga murojaat qilingan yarim band (toʻrt misralik – bcbc) bilan yakunlanuvchi sheʼr; 2) keyingi davrlar Yevropa adabiyotlarida keng tarqalgan B. ingliz-shotland xalq sheʼriyatidan kelib chiqadi. Agar fransuz B.si qatʼiy sheʼriy shakl boʻlsa, ingliz B.sida shakliy talablar ancha erkin (qofiyalanish tartibi qatʼiy emas, tarjeʼning boʻlishi shart qilinmaydi), u bir xil, odatda, toʻrt misrali bandlardan tashkil topadi. Ingliz B.sining belgilovchi xususiyatlari sifatida tarixiy, tarixiy-afsonaviy, baʼzan esa maishiy mavzuda yozilishi, kichik voqeaband syujet asosiga qurilgan epik xarakterdagi sheʼriy asarligini koʻrsatish mumkin. Xuddi shu xususiyatlar yozma adabiyotdagi B.larga ham xosdir. Urush yillarida yozilgan M.Shayxzodaning “Kapitan Gastello”, H.Olimjonning “Jangchi Tursun” kabi asarlari B.ning oʻzbek adabiyotidagi yaxshi namunalari sanaladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish