← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Band

Band – sheʼrning ritmik-intonatsion va mazmuniy jihatdan nisbiy mustaqillikka ega boʻlagi. Sheʼr ritmik qurilishidagi B.ning roli va ahamiyati gapning matndagi roli va ahamiyatiga oʻxshash. Shuning uchun ham, aksar hollarda, band sintaktik jihatdan gapga teng (koʻp hollarda bandni bitta gap shakliga solish mumkin) keladi. B.ning nihoyasida turoq (rukn) yoki misradan keyingi pauzaga qaraganda yaqqol seziladigan ritmik pauzaning mavjudligi, odatda, uning boshlanishida yuksaluvchi, oxirida esa pasayuvchi intonatsiya boʻlishi; sheʼrdagi har bir bandni ajratib turadigan takrorlanuvchi qofiyalanish tartibi, baʼzan esa tarjeʼ yoki radif singari qoʻshimcha vositalarning borligi – bularning bari B.ni ritmik-intonatsion jihatdan alohida butunlikka aylantiradi. Izometriyaga asoslangan mumtoz sheʼriyatda (nafaqat Sharq, balki Gʻarb sheʼriyatida ham) B. shakllari qatʼiy boʻlib, ular sheʼriy asarning kompozitsion qurilishida hal qiluvchi rol oʻynagan, koʻp hollarda janrni belgilovchi omil boʻlib xizmat qilgan. B. turlari, koʻproq, undagi misralar sonidan kelib chiqib belgilangan: ikkilik (masnaviy, bayt, distix), uchlik (musallas, terset), toʻrtlik (murabba, katren) va h. Ayrim hollarda B. turlarini ajratishda misra sonidan boshqa belgilar ham eʼtiborga olingan. Mas., ikki misrali band turi boʻlgan bayt (ab, cb, db, eb... ) bilan masnaviy (aa, bb, cc, dd...) qofiyalanish tartibiga koʻra, elegik distix (birinchi misrasi gekzametr, yaʼni 6 stopali, ikkinchisi pentametr – 5 stopali) bilan aleksandr distixi (12 boʻgʻinli, 6-boʻgʻindan soʻng sezura bilan boʻlingan, 6- va 12-boʻgʻini urgʻuli) vazn xususiyatlariga koʻra farqlanadi. Jahon sheʼriyatida hajm eʼtibori bilan 2 tadan 16 tagacha misrani birlashtirgan B. turlari mavjud (qarang: musammat) boʻlsa-da, hajmi kichikroqlari (ayniqsa, 2, 4, 5 misrali) bandlar keng istifoda etilgan.

Mumtoz sheʼriyatda izometriyaga, jumladan, sheʼriy asarda B.larning bir xil (misra soni, oʻlchovi, qofiyalanish tartibi) boʻlishiga qatʼiy amal qilingan boʻlsa, keyingi davr sheʼriyatida (Gʻarbda romantizm davridan, oʻzbek sheʼriyatida XX asrdan) bu qoidadan chekinish odatiy holga aylandi. Natijada astrofik (bandlaridagi misralar soni turlicha) sheʼrlar, getrometrik (oʻlchovi turlicha misralardan tarkib topgan bandli) sheʼrlar ham ommalashdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish