← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Barmoq

Barmoq – turkiy xalqlar sheʼriyatida keng tarqalgan sheʼriy vaznlar tizimi, soʻzlashuvda va ilmiy muomala amaliyotida “barmoq”, “barmoq vazni”, “barmoq sistemasi“, barmoq tizimi” kabi shakllarda ham ishlatiladi. B. turkiy tillarning tabiati, fonetik xususiyatlariga toʻla mos keladi. Shu sababli ham B. turkiy sheʼriyatda qadimdan qoʻllangan: xalq ogʻzaki ijodidagi sheʼriy asarlarning, asosan, B.da yaratilgani buning yorqin dalilidir. Shularni nazarda tutgan holda Fitrat B.ni “milliy vazn” deb ataydi. Koʻp hollarda B. – miqdoriy sheʼr tizimi, unda izometriya misralardagi boʻgʻinlar sonining tengligi hisobiga taʼminlanadi, deyish bilan cheklaniladi. Biroq B.da yozilgan sheʼrning ritmik xususiyatlarini boʻgʻinlar sonining tengligigina belgilamaydi, bunda misralarda boʻgʻinlarning qay tartibda turoqlanishi (guruhlanishi) ham katta ahamiyatga ega. Deylik, misralarida boʻgʻinlar 7+7 (Men bu choʻllar qoʻynida / tugʻilib topdim kamol, // Koʻhna sardobalarda / koʻmilib qoldi dardim. A.Oripov) bilan 3+4 / 4+3 (Qush boʻlib / qochar boʻlsang, // tarlon boʻlib / quvgayman, /// Togʻlarda / sharsharadek // gʻuboringni / yuvgayman. Mirtemir) tarzida guruhlanib takrorlanadigan ikkita oʻn toʻrt boʻgʻinli sheʼrning intonatsiyasi bir xil emas, chunki oʻsha intonatsiyaga asos boʻlayotgan oʻlchovni bitta deb boʻlmaydi. Demak, B. misralardagi boʻgʻinlar sonining tengligi va bir xil tartibda guruhlanib takrorlanishiga asoslanuvchi sheʼr tizimi ekan. Biroq amaliyotda koʻpincha buni eʼtiborga olmay, B.da yozilgan konkret sheʼr vazni “yetti boʻgʻinli barmoq”, “toʻqqiz boʻgʻinli barmoq”, “oʻn bir boʻgʻinli barmoq” tarzida ataladiki, bu unchalik toʻgʻri emas. Negaki, bu holda sheʼr oʻlchovi chala belgilangan boʻladi. Agar shu xil yondashilsa, B. bor-yoʻgʻi 10-15 ta sheʼriy vazndangina tarkib topgan, oʻta qashshoq tizim boʻlishi kerak edi. Holbuki, B. yuzlab vaznlarni oʻz ichiga olgan sheʼr tizimi boʻlib, uning ritmik intonatsion imkonlari juda kengdir. Mas., birgina “oʻn toʻrt boʻgʻinli” vaznning ichida oʻnlab variantlar (7+7; 5+5+4; 5+4+5; 4+5+5; 4+4+6; 4+6+4 va h.) mavjudki, ularning har biri sheʼrga oʻzigagina xos ohang baxsh eta oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish