← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Barokko

Barokko (ital. barocco – gʻaroyib, gʻalati) – XVI – XVIII asrlar Yevropa xalqlari adabiyoti va sanʼatida maydonga chiqqan (har birida paydo boʻlish vaqti, namoyon boʻlishi va mavqei turlicha boʻlgan) badiiy yoʻnalish; manbalarda baʼzan metod, baʼzan esa uslubiy yoʻnalish deb ham koʻrsatiladi. B.ning yuzaga kelishi Uygʻonish davri gʻoyalarining inqirozga uchrashi bilan izohlab tushuntiriladi. Agar Uygʻonishning bosh omili Yevropada burjuaziyaning iqtisodiy va ijtimoiy yuksalishi boʻlsa, B.ning maydonga kelishi XVI asrning ikkinchi yarmidan koʻzga tashlangan turgʻunlik bilan bogʻliqdir. Mutaxassislar B.ga xos ayrim jihatlar Uygʻonish davrining Shekspir, Tasso, Monten singari ulugʻ namoyandalari asarlarida ham koʻzga tashlanishini taʼkidlaydilar. Albatta, bu oʻrinda koʻproq B. dunyoqarashiga xos jihatlar koʻzda tutiladi: Uygʻonish davri optimizmi oʻrnini egallay boshlagan insonga, uning ertangi kuniga ishonchsizlik va buning natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan tushkunlik, mung ohanglari bevosita mavjud ijtimoiy evrilishlarning natijasi edi. Agar Uygʻonish davri ijodkorlari hayotni sevish, undan zavqlanish, huzurlanishni targʻib etgan epikurcha falsafaga asoslangan boʻlsalar, B. namoyandalari ongini dunyoning foniyligi, jamiki qadriyatlar oʻtkinchiligini uqtiruvchi stoiklar falsafasi egallaydi. Bunday falsafa lirika rivojiga ragʻbat bermaydi: sheʼriyatda his-tuygʻular oʻrniga ularni boʻgʻuvchi fikriy mushohadalar ustuvorlik qiladi; foniy dunyo goʻyo qimmatga ega emas, u faqat ramzu majozlar materiali, koni xolos. B. uslubi kishini hayratga solishga, uni lol qilishga intiladi: unga birmuncha jimjimador, tumanli ifoda xosdir. B. ifoda vositalari orasida metafora hukmron mavqeni egallaydi, metaforiklik B. uslubining belgilovchi xususiyatiga aylanadi. Mutaxassislar XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida maydonga kelgan ispan adabiyotidagi kulteranizm va konseptizm, inglizlardagi evfuizm, italyan adabiyotidagi marinizm, fransuzlardagi pretsioz adabiyot kabilarni B. doirasidagi oqimlar sifatida koʻrsatadilar.

B. dastlab ispan va italyan adabiyotlarida boʻy koʻrsatdi. Jumladan, B. xususiyatlarini ijodida mujassam etgan ispan shoiri Gongora (1561 – 1627) fikrni goʻyo pardalab, anglanishini qiyinlashtiruvchi jimjimador va goʻzal uslubni urfga kiritdi. Bunday uslubni asoslarkan, Gongora shoir madaniyatli kishilar uchungina yozishi kerak, deydi (Gongora va uning davomchilarini birlashtirgan oqim “gongorizm” bilan bir qatorda “kulteranizm” deb nomlanishi shundan). Bu bilan “kulteranist”lar klassitsistlarga yaqin: ikkalasi ham madaniyatli kishilar uchun yozish kerak deb biladi. Farqi shuki, klassitsistlar madaniyatli kishilar deb antik adabiyotni biladigan va uning qoidalarini qabul qilgan kishilarni, gongoristlar esa irreallikni, ongosti qatlamlarini idrok etishga qobil kishilarni biladilar. Ularga koʻra, faqat avomgina oʻzining toʻpori moddiyunligi sabab zaminga bogʻliqligicha qoladi, chinakam shoir avomdan yuksak turadi va undan hazar qiladi, uning qoʻshiqlari oz sonli xoslar, noziktaʼb kishilarga atalgandir. Shunga oʻxshash holni B. ichidagi yana bir oqim – “konseptizm”da ham koʻrish mumkin. Bu oqim namoyandalari oʻz asarlarida soʻz oʻyinlari, tushunish oʻta qiyin koʻchimlarni qoʻllaganlarki, bu koʻchimlar kutilmagan qiyoslar, murakkab assotsiatsiyalarga tayanadi. Natijada ular oʻziga xos topishmoq, intellektual jumboqqa aylanadi. Muhimi, ularni idrok etish uchun hissiy emas, chuqur aqliy mushohada yuritish talab etiladi. Yaʼni konseptistlarning asarlari ham xoslarga – muayyan tayyorgarlikka ega boʻlgan, zehni oʻtkir kishilarga moʻljallanadi. Boshqacha aytsak, konseptistlar oʻz asarlarini oʻquvchiga oʻtkir zehnlilik mashqi sifatida taqdim etishadi, estetik zavqni jumboqni yechishda deb bilishadi. Marinizm oqimining asoschisi Jambattista Marino (1569 – 1625) ijodiy-estetik prinsiplari jihatidan Gongoraga yaqin: sheʼrlaridagi hissiy toʻyintirilganlik, dunyoning foniyligi va shu bilan bogʻlik pessimistik ruh, uslubdagi jijimadorlik, murakkab assotsiatsiyalarga asoslangan koʻchimlar va sh.k. Marino ijodda poeziyani sanʼatning boshqa turlari bilan sintezlashtirish tarafdori. U barcha sanʼatlar oʻzaro bogʻliq, ular asli bitta, faqat ifoda usuliga koʻra farqlanadi deb biladi. Marino rangtasvirda jim turgan sheʼriyatni, sheʼriyatda soʻzlayotgan rangtasvirni koʻradi. Ularning maqsadi ham bitta – odamlarga huzur baxsh etish, ularni maʼnan yuksaltirish, qalblarini tozartirishdan iborat. Marinoga koʻra, rangtasvir sanʼati hammaga, hatto, omilarga ham tushunarli, poeziyani anglashga esa faqat “oʻqimishli, fozil kishilar” qobildirlar. Marino sanʼatlarning oʻzaro taʼsiri, ularning bir-birini boyitishini eʼtirof etgani holda, ularning ichida poeziyani yetakchi deb biladi. Jumladan, u musiqa haqida soʻz yuritarkan, “soʻz va fikrlarni ifodalamagan holda jaranglayotgan narsa musiqa deb atalishga loyiq emas”, deb hisoblaydi.

Yuqoridagi oqimlar oʻzlarini “yangi sanʼat”, uslublarini “zamonaviy uslub” (stile moderno) deb hisoblaganlar. Badiiy ijod amaliyotidagi oʻzgarishlar tabiiy ravishda ularni nazariy idrok etish ehtiyojini tugʻdiradi. Italiya va Ispaniyada Baltasar Grasian, Emmanuel Tezauro, Matteo Peregrini kabi B. nazariyotchilari maydonga chiqadilar. Jumladan, badiiy ijodda yangi uslubni amalda qoʻllab koʻrgan B.Grasian (1601 – 1658) nazariy ishlarida yangi adabiyotning qonuniyatlarini ochishga intiladi. Unga koʻra, yangi adabiyot “zakiylik yoki tez idrok sanʼati”dir, uning tabiatini anglatishga Uygʻonish davridan boshlab qatʼiy amal qilayotgan Arastu “Poetika”si ojiz, uning uchun faylasufning “Mantiq” yoki “Poetika”si emas, “Ritorika”si zarurroq. Chunki, Grasianga koʻra, estetika mantiqdan tamom farqli fan, Goʻzallik saltanati esa XVI asr nazariyotchilari izlagan joydan tamom boshqa joydadir. Grasian “did” (gusto) terminini ilk bor mantiqiy mushohadadan tamom farqlanuvchi estetik mushohada maʼnosida qoʻllaydi. U “did” deganda, aqlning tanqidiy fikrlash qobiliyatini nazarda tutdiki, keyinchalik bu tushuncha estetika fanida keng oʻrin egalladi. Grasianning ijodiy intuitsiyani, “tez idrok”ning bir-biridan tamom yiroq hodisalar mohiyatini ilgʻash va bir zumda ularni birlashtira olish qobiliyatini nazariy oʻrganish zarurati haqidagi fikrlari ham ilm-fan uchun qimmatli va qiziqarli edi. Grasian “tez idrok” (agudeza) deganda, nomaʼlum narsaning gʻoyat tez harakatga keluvchi intuitsiya yordamida anglanishini tushunadi. Unga koʻra, badiiy bilish mohiyatan intiutiv bilish boʻlib, u voqelikni idrok etishning yangi imkoniyatlarini ochadi. Shulardan kelib chiqib, Grasian antik ritorika sanʼatning barcha hodisalarini, dunyoni estetik idrok etish xususiyatlarini toʻla qamrab ololmasligini taʼkidlaydi. Zero, qadimgilar mantiqiy bilish qonunlarini kashf etganlar, sillogizmlar tizimini ishlab chiqqanlar, biroq ular “oʻtkir zehn” uchun yaroqli emas. Qadimgilar “oʻtkir zehn” faqat daholargagina xos deb hisoblab, shu xususiyat namoyon boʻlganda hayratlanishnigina bilganlar, u amal qiluvchi qonunlarni belgilamaganlar. Holbuki, agar mantiqiy fikrlash qonuniyatlarini ishlab chiqish mumkin boʻlgan ekan, “oʻtkir zehn” qonuniyatlarini ishlab chiqish ham mumkindir. E.Tezauro (1591 – 1675) ham yangi sanʼat uchun “Poetika” emas, “Ritorika” muhimroq deb biladi. Unga koʻra, “tez idrok sanʼati” mantiq va mantiqiy qurilmalarga bogʻliq emas, taxayyul asosiga qurilgan poetik olam oʻzigagina xos, tafakkur qonuniyatlaridan tamom farqli qonuniyatlarga tayanadi. U “tez idrok”, zakiylik haqida ancha izchil taʼlimot yaratadi. Tezauro “yangi sanʼat”ni vujudga keltirgan Zakiylik Ongning koʻrinishlaridan biri deb biladi. Zakiylikning ikkita asosiy qirrasi bor – Zehn va Donolik. Zehn narsa-hodisalar botinidagi mohiyatga kirib boradi, donolik esa bir-biridan yiroq narsa-hodisalar mohiyatidagi oʻxshashliklar, aloqalarni tez ilgʻab oladi-da, biridan ikkinchisini keltirib chiqaradi, birining oʻrniga ikkinchisini qoʻyadi. Bu oʻrinda gap obraz – Metaforaning yuzaga kelishi haqida boradi. Umuman, Tezauro poetikasi metaforaga asoslanadi, unga koʻra, metafora “poeziyaning onasidir”. Metafora tabiatini, uning xil va turlarini oʻrganish uchun Tezauro meʼmorlik, rassomlik, haykaltaroshlik kabi sanʼatlarga ham murojaat etadi. Jumladan, u meʼmorlikdagi tashqi bezaklar insonni ramziy metaforani anglashga yetaklaydi deb biladi. Umuman, koʻzga tashlanib turgan har qanday tasvir qalbning turli holatlarini ifodalashga xizmat qilishi, ongga esa yangi muammolarni ochishi lozim. Shunga binoan, u inson sezgilariga taʼsir qilish uchun sanʼat bezakdor, yorqin, kutilmaganliklarga boy boʻlishi kerak deb uqtiradi. Tezauro olamiy ramz, Ilohiy Metaforani anglashga olib keladigan sanʼat nazariyasini ishlab chiqishga intiladi. Zakiylikni, iqtidorni u xudoning yaratuvchilik qudratiga monand hodisa deb tushunadi. Zero, sanʼatkor yoʻq narsadan yangi mavjudlikni yaratadi, Xoliqning oʻzi kabi obrazlar va irreal olamni yaratadi. Yaratuvchilik dahosi insongagina berilgan emas, u tabiatning oʻzida-da mavjud. Asrorga yetgan xoslar undagi belgilarda tabiatning zakiy niyatini anglay oladi. Xudoning oʻzi metaforalar, analogiyalar olamini yaratganki, omilarga ular oddiygina bezak boʻlib tuyuladi, holbuki, gap olamning yaratilishi haqida borarkan, ularning hech biri bejiz, bemaʼni emas. Tezauro fikrni majoziy ifodalash zakiylikning muhim belgisi deb biladi, zero, zakiylik fikrni toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki majoziy yoʻl bilan, kutilmagan yoʻsinda ifodalashda namoyon boʻladi. Bunday ifoda sanʼatga xos boʻlib, u haqiqat emas, biroq haqiqatga taqlid qiladi. Shuningdek, Tezauro ahamiyatli va qiziqarli, kulgili va qaygʻuli jihatlarni birlashtira olishni ham zakiylik belgilaridan deb hisoblaydi. Uning uqtirishicha, “shu darajadagi jiddiy, yo shu darajadagi qaygʻuli va yo shu darajadagi ulugʻvor hodisa yoʻqki, uni ham shaklan va ham mazmunan hazilga aylantirib boʻlmasa”. Maʼlumki, antik qoidalarga asoslangan klassitsistlar bunga qarshi turganiga qaramay, ijod amaliyotida u mavjud edi, Tezauro esa birinchilardan boʻlib buning qonuniyligini asoslashga jazm etadi. Tezauro bitta fikrni uslubiy jihatdan turfa shakllarda ifodalash mumkinligini jonli misollarda koʻrsatarkan, bu xil turfalik fikrni zakiylik bilan shaklga solish, metaforik yoʻlda aytish imkoni tufayligina mavjudligini taʼkidlaydi. Ayni chogʻda, u ifoda shakli bilan mazmun bir-biriga uzviy bogʻliqligini, ulardan biri oʻzgarsa, ikkinchisining ham muqarrar oʻzgarishi taqozo etilishini uqtiradi. Demak, yozuvchi ifoda yoʻsinini tanlar ekan, uning oʻzi yetkazmoqchi boʻlgan mazmun, hissiy tonallikka qay darajada mosligi haqida jiddiy bosh qotirishi lozim. Koʻrinadiki, garchi barokko adabiyoti vakillari uslubidagi jimjimadorlik, oʻrinsiz murakkabliklar oʻz vaqtida (va keyin ham) koʻplab eʼtirozlar tugʻdirgan boʻlsa-da, uning yetuk namoyandalari, xususan, Tezauro singari nazariyotchilari shaklbozlikdan, “shakl shakl uchun” aqidasidan yiroq boʻlganlar.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish