← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Basit

Basit (ar. بسيط – yoyiq) – aruz bahrlaridan biri, mustafʼilun (– – v –) va foilun (– v –) asllarining takroridan hosil boʻladi, mustafʼilun rukni boshida ikki sabab (mus va taf) yoyilib turgani uchun shu nomni olgan. Bundan tashqari, B. bahri vaznlarining aruz va zarbida harakatlar, yaʼni qisqa unlilar yoyilgani uchun shunday nomlangan, degan fikrlar ham bor. B. bahri arab sheʼriyatiga xos boʻlib, oʻzbek sheʼriyatida qoʻllanmaydi. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida B. bahrining bir vazni, Boburning “Muxtasar” asarida sakkiz vazni turkiy tilda bitilgan maxsus misollar bilan keltirilgan. Xususan, Navoiy:

Ishqing meni tunu kun majnunu zor aylamish,

Koʻnglumni zoru hazin, jismim nizor aylamish, –

baytini misol qilgan boʻlib, u basiti musammani solim (– – v – / –v – / – – v – / –v – ) vaznida yozilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish