← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Bayoz

Bayoz (ar. بياض – oq, oqqa koʻchirilgan nusxa) – XIX asrdan boshlab keng tarqalgan sheʼriy toʻplam boʻlib, anʼanaviy devonlardan farqli qator jihatlarga ega. Jumladan, devon (q.) bir shoir qalamiga mansub sheʼrlardan tuzilsa, B. bir muallif sheʼrlaridan ham, bir necha shoir asarlaridan ham tarkiblanishi mumkin. Yana bir farqi, B.da devondagi kabi sheʼrlarni joylashtirishning qatʼiy tartibi belgilanmaydi. Shuningdek, B.ga tartib berish prinsiplari ham turlicha: muayyan bir janrda yozilgan (mas., “Bayozi muxammasot”) sheʼrlar yoki muxlislar eʼtiboriga tushgan alohida shohbaytlardan, baʼzan muayyan bir mavzudagi (mas., muhabbat, vatan, tabiat va sh.k.) yoki biron bir hofiz musiqaga solib kuylagan sheʼrlardan tuzilishi ham mumkin. Bayozchilik, ayniqsa, XIX asrda keng ravnaq topdi. Jumladan, Muhammad Rahimxon (Feruz) davrida Xorazmda turli prinsiplar asosida tartiblangan bir qator B.lar chop etildi (mas., “Bayozi musaddasot”, “Bayozi majmuai ashʼor”, “Bayozi muxammasot”, “Bayozi ashʼor” va b.). Matbaa ishlari ancha keng yoʻlga qoʻyilgan XX asr boshlarida ham koʻplab B.lar chop etilgan. Mas., oʻz davrida keng shuhrat qozongan Haziniy sheʼrlari 1910 – 1913 yillar davomida “Bayozi Haziniy” nomi bilan 7 marotaba chop etilgan. Aksar hollarda B.larga noshirlar tartib berishgan boʻlib, ularga turli hududlarda yashab ijod qilgan shoirlarning asarlari kiritilganki, bu sheʼriyatning ommalashishida muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Mas., toshkentlik Karimbek Kamiy sheʼrlari Buxoro amirligi hududi – Kogonda chop etilgan bayozlarda uchraydi. Yoki noshirlik ishi bilan shugʻullangan Ibratning oʻgʻli Abbosxon tomonidan 1910 yilda tuzilgan bayozga Ibratning 17 sheʼri bilan birga boshqa ijodkorlarning sheʼrlari kiritilgan. Ayrim B.lar mualliflarning oʻz qoʻli bilan ham tartiblangan. Mas., shoir Nodim oʻz qoʻli bilan tuzgan “Bayozi Nodim” qoʻlyozmasi bizgacha yetib kelgan boʻlib, unga mumtoz sheʼriyatning deyarli barcha janrlarida yozilgan sheʼrlar kiritilgan. Bayozchilik anʼanasi keyingi yillarda ham davom ettirildi. Jumladan, Gʻ.Gʻulom tashabbusi bilan 1938 yilda Muqimiy asarlaridan tarkiblangan “Muqimiy bayozi” nashr etildi. Shuningdek, hozirda turli prinsiplar asosida (mas., muayyan hududda yashovchi shoirlar, ijodkor oʻqituvchilar, jangchi-shoirlar, talaba yoshlar toʻplamlari yoki muayyan mavzu boʻyicha) tartiblangan sheʼriy majmualarga ham bayozchilik anʼanasining davomi sifatida qarash mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish