← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Doston

Doston – 1) turkiy xalqlar ogʻzaki ijodidagi epik janr. Xalq ogʻzaki ijodidagi D.lar voqeaband syujet asosiga qurilgan yirik hajmli asarlar boʻlib, ular baxshi (oqin, jirov, manaschi)lar tomonidan musiqa (doʻmbira, qoʻbiz va b.) joʻrligida ijro qilingan, ogʻizdan-ogʻizga oʻtib bizgacha yetib kelgan. Bu jarayonda har bir ijrochi oʻzidan nimadir qoʻshgan, nimanidir tushirib qoldirgan va shu tariqa D.lar sayqallanib borgan. Xalq ijodidagi D.ning matniy qurilishi ijroga mos – unda nasriy va sheʼriy parchalar almashinib turadi: rivoya asosan nasrda amalga oshirilsa, qahramonlar orasidagi eng muhim dialoglar, ularning ruhiy holatlari, taʼrifu tavsiflar, ijrochi munosabati va sh.k. koʻproq sheʼriy yoʻlda beriladi; 2) mumtoz adabiyotimizdagi yirik hajmli, odatda, masnaviy shaklida va aruzning maʼlum bir vaznida yoziluvchi sheʼriy asar. Mumtoz adabiyotimizdagi D.larning aksariyatini yaxlit voqea asosidagi syujetga qurilgan (mas., “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”) epik asarlar tashkil qiladi. Shu bilan birga, syujeti izchil va yaxlit boʻlmagan (mas., “Hayrat ul-abror”) yoki umuman voqeaband syujetsiz (mas., “Hibat ul-haqoyiq”) D.lar ham mavjudki, ular turli ijtimoiy-maʼnaviy, axloqiy-taʼlimiy masalalardan bahs yurituvchi liro-epik xarakterdagi falsafiy-taʼlimiy yoki didaktik asarlardir; 3) zamonaviy adabiyotda keng tarqalgan yirik hajmli sheʼriy asar, unga sinonim tarzida poema atamasi ham qoʻllanadi. Hozirgi adabiyotda D.lar bitta umumiy nom bilan atalsa-da, janr xususiyatlariga koʻra ular turlichadir. Shuning uchun ham amaliyotda lirik doston, epik doston, dramatik doston kabi aniqlashtiruvchi atamalar qoʻllanadi. Muayyan D.ni bulardan biriga mansubligini belgilash uchun oʻsha doston strukturasida lirik, epik yoki dramatik elementlardan qay birining yetakchi maqomga egaligidan kelib chiqiladi. Mas., sheʼriy rivoya – voqeani hikoya qilish ustuvor “Oʻch” (Oybek), “Oygul bilan Baxtiyor” (H.Olimjon) kabi asarlar epik doston, voqea lirik kechinmani ifodalash vositasi boʻlgan “Surat” (Mirtemir), “Ruh bilan suhbat” (S.Zunnunova), “Nido” (E.Vohidov) kabi asarlar lirik doston, voqea dramatik koʻrinishlarda koʻrsatiluvchi “Mahmud Torobiy” (Oybek), “Jannatga yoʻl” (A.Oripov) kabi asarlar esa dramatik doston tarzida farqlanadi. Adabiyotshunoslikda D. (poema)larning hammasini birdek liro-epik janr hisoblash hollari ham borki, yuqoridagilardan kelib chiqilsa, bu unchalik toʻgʻri emas. D.ni liro-epik janr deb atarkan, uning “bayon qilinayotgan epik voqeani lirik qahramon munosabati orqali ifodalash” xususiyati asos qilib olinadi. Holbuki, birinchidan, D.larning hammasida ham “voqea lirik qahramon munosabati orqali” berilmaydi, ikkinchi tomondan, har qanday asarda, u xoh epik va xoh dramatik asar boʻlsin, tasvirlanayotgan voqeaga muallif munosabati u yoki bu tarzda mavjud. Shunday ekan, liro-epik janrga barcha D.larni emas, strukturasida epik va dramatik unsurlar mavqei bir xil maqom tutgan D.larnigina (mas., “Ruhlar isyoni”) kiritgan toʻgʻriroq boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish