Drama (yun. drama – harakat) – 1) badiiy adabiyotning uchta asosiy turidan biri. D.ning tasvir predmeti – harakat, u, Arastu taʼrificha, “barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida taqdim etadi”. D. obyektning plastik obrazini yaratadi, unda subyekt – ijodkor shaxsi ham obyektga singdirib yuboriladi. D. adabiyotga ham, teatr sanʼatiga ham birdek taalluqli: uni oʻqib ham qabul qilish mumkin, ayni chogʻda, u teatr asari – spektaklning asosi. Boshdanoq sahnaga moʻljallab yozilishi dramatik asarning qurilishi, poetik oʻziga xosligini belgilovchi eng muhim omildir. Chunki u sahna ijrosini ham koʻzda tutishi zarur. Bu narsa D.ning tashqi qurilishidayoq koʻrinadi (parda va koʻrinishlarga boʻlinganlik, remarkalarning ijroni koʻzda tutgan holda berilishi). Ijroga moʻljallanganlik D.ning ichki strukturasini ham belgilaydi. Jumladan, D.dagi harakat – syujet voqealari makon va zamonda cheklangan, ijro vaqtiga sigʻish uchun syujetning keskin konflikt asosida shiddat bilan rivojlanishi taqozo etiladi. D.da konsentrik syujet tipi yetakchilik qiladi, syujet voqealari sabab-natija munosabatlari asosida bir markazga uyushtiriladi. Sabab-natija munosabati voqealarning yuz berish joyi va vaqti jihatidan yaqin boʻlishini talab qiladi. Yaʼni dramaturg asarni yaratayotganidayoq syujet voqealarining ijro vaqtiga sigʻishi haqida qaygʻurishi, syujet voqealarini keskin konfliktlar asosida shiddat bilan rivojlantirishi zaruratga aylanadi. D.da syujet voqealari yuz beradigan makon ham cheklangan: birinchidan, voqealar kechadigan joyni sahnada shartli qayta yaratish (joy illyuziyasini hosil qila oladigan dekoratsiyalar yordamida) mumkin boʻlishi lozim; ikkinchidan, voqealar makoniy oʻzgarishlar jihatidan ham cheklangan, yaʼni ular koʻpi bilan toʻrt-besh joydagina kechishi mumkin. Bir parda davomida sodir boʻluvchi voqealarning bitta joyda kechishi, syujet voqealari shu joy bilan bogʻliq rivojlanishi eʼtiborga olinsa, D.ning syujet qurilishiga ijro imkoniyatlari kuchli taʼsir qilishi ayon boʻladi.
Dramaturg asarda jonlantirmoqchi boʻlgan hayot materialining ayrim unsurlarini sahnada qayta yaratish imkoni yoʻqligidan D.ning “shartlilik” darajasi juda yuqori boʻladi. Chunki muallif ishoralar yordamida ularni ham tomoshabin (oʻquvchi) tasavvurida uygʻotishi, sahnada bevosita jonlantirilishi mumkin boʻlgan voqealarni toʻldirishi zarur boʻladi. Mas., muallif remarkalarida “sahna ortida otlar dupuri, qilichlar jarangi”, “sahna ortidan keskin toʻxtagan mashina ovozi eshitiladi” qabilidagi ishoralar beriladi, ularning yordamida sahnada jonlanmagan narsa shartli (yaʼni oʻquvchi tasavvuridagina) jonlantiriladi. D.da syujetga kiritish imkoni boʻlmagan voqea yoki tafsilotlarning personajlar tilidan muxtasar berilishi ham shartlilikning bir koʻrinishi boʻlib, u personaj nutqiga taʼsir qiladi. Chunki bu voqea va tafsilotlar personajlarga maʼlum (jonli muloqotda ularni eslatish shart emas), biroq ular oʻquvchi (tomoshabin)da tasavvur hosil qilish uchun zarur va shu zaruriyat tufayli suhbat tabiiylikdan chiqib, shartlilik kasb etadi. Yaʼni tafsilotlarni shu yoʻsin (personajlar tilidan) berish majburiyati dramatik asar personajlari nutqining biroz “sunʼiy”, “sahnaviy” boʻlishiga olib keladi. D.ning asosiy nutq shakli – dialog. Unda qoʻllanuvchi monologik nutq ham shartlilik koʻrinishidir. Monologik nutq shaklida personajlarning mushohadalari beriladiki, ovoz chiqarib oʻylash ham shartlilikning bir koʻrinishidir. Ayni paytda, D.dagi monologik nutq qurilishi oʻziga xos: u koʻproq presonajning oʻzi bilan oʻzi yoki xayolidagi kim bilandir suhbati, bahsi, kimgadir murojaati tarzida quriladi. Yaʼni bitta personaj tilidan aytilgani holda ham dramadagi monologik nutq dialogik asosga egadir.
Dramatik asarning oʻqilishi va sahna talqinida bir qator oʻziga xosliklar mavjud. D.ni oʻqiyotgan oʻquvchining ijodiy faolligi bilan shu asar asosidagi spektaklni tomosha qilayotgan tomoshabinning ijodiy faolligi bir xil emas. Oʻquvchi oʻqish jarayonida “rejissyor” vazifasini zimmasiga oladi, dramani tasavvuridagi sahnada jonlantiradi; ayni paytda, u “aktyor” sifatida har bir personaj rolini oʻynashi ham kerak. D.da obyektiv ibtidoning ustuvorligi uning turli oʻquvchilar tasavvurida turlicha “sahnalashtirilishi”ga asos boʻladi. Sahnalashtirilgan dramatik asarda badiiy muloqot zanjiri uzayadi: tomoshabin va dramaturg orasida rejissyor (aktyorlar, rassom, bastakor va h.) oʻrin oladi. Boshqacha aytsak, sahnalashtirilgan dramatik asar soʻz sanʼati doirasidan chiqib sintetiklik kasb etadi, sababki, endi unda teatr, rassomlik, musiqa sanʼatlari uygʻunlashib ketadi. Ayon boʻladiki, drama boshqa sanʼat turlari bilan oʻzaro aloqada yashaydi va rivojlanadi. Zero, dramaning tabiati, yaʼni ijro uchun moʻljallangani, uning shu sanʼat turlari bilan uzviy aloqada boʻlishini taqozo etadi.
D.ning asosiy janrlari sifatida tragediya, komediya va drama (janr maʼnosida) koʻrsatiladi. Dramatik asarlarni janrlarga ajratishda ularning asosiy estetik belgilariga tayaniladi. Tragediyaning asosiy estetik belgisi – tragiklik, komediyaning asosiy estetik belgisi – komiklik, dramaning asosiy estetik belgisi esa dramatiklik sanaladi. Bulardan tashqari, kichik dramaturgik janrlar, shuningdek, turli janr modifikatsiyalari ham mavjud. Jumladan, janr modifikatsiyasi sifatida musiqali drama, musiqali komediyalar koʻrsatilishi mumkin. Musiqa joʻrligida ijro etishga moʻljallangani, dialog va monologlar oʻrnini qisman vokal (ariya va duetlar) egallashi ularning oʻziga xosligini, sintetik sanʼat namunasi ekanligini koʻrsatadi. Ayrim sanʼat turlarining, ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi natijasida dramaturgiyaning yangi janrlari paydo boʻldi, borlari faollashdi. Mas., estrada sanʼatining rivoji natijasida monolog (bir aktyor teatri) janri dunyoga keldi, qoʻgʻirchoq teatrlari rivoji va modernizatsiyasi uning uchun yoziladigan pyesalarni faollashtirdi, televideniyening rivoji miniatyuralarni, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarning ommalashuvi esa intermediya janrini faollashtirdi; 2) dramatik turning uchta asosiy janridan biri, tarixiy taraqqiyot jarayonida dramatik turning qadimda paydo boʻlgan tragediya va komediya janrlariga bir-birining ziddi deb qaralgan boʻlsa, D. ularning sintezi sifatida XVIII asrga kelib maydonga chiqqan. Sintezlashuv, ayniqsa, D.ning mustaqil janr sifatidagi ilk shakllanish davrida yaqqol koʻrinadi. Jumladan, komediya singari D. ham odamlarning shaxsiy hayotini tasvirlaydi, biroq undan farqli ravishda kamchiligu nuqsonlardan kulishni emas, balki jamiyat bilan murakkab munosabatlardagi shaxsni tasvirlashni maqsad qiladi. Tragediyadagi kabi oʻtkir ziddiyat va toʻqnashuvlar qalamga olingani holda, D.dagi konflikt muayyan yechimga ega, u yoki bu darajada ijobiy hal qilinishi mumkin boʻlgan konfliktdir. Tragediya qahramonlari favqulodda kuchli shaxslar (bunga zid ravishda komediyada tuban tabaqa kishilari) boʻlishi talab etilsa, D. qahramoniga bu xil talablar qoʻyilmaydi – uning qahramoni hayotiyroq. Realizm bosqichiga yaqinlashgan sari dramaturgiyada tragediya oʻrnini, yetakchilik mavqeini D. egallay boshlaydi. Chunki D. reallikdan olinuvchi turli mavzularni, xarakter va ziddiyatlarni badiiy talqin qilishga keng imkoniyatlar ochishi, xuddi hayotning oʻzidagi kabi tragizm va komizm elemantlarini uygʻunlashtira olishi, real hayotga yaqinligi bilan dramatik janrlar orasida alohida oʻrin tutadiki, uning realistik adabiyotda yetakchi mavqe egallashi shu bilan izohlanadi.
Драма (юн. drama – ҳаракат) – 1) бадиий адабиётнинг учта асосий туридан бири. Д.нинг тасвир предмети – ҳаракат, у, Арасту таърифича, “барча тасвирланаётган шахсларни ҳаракат қилаётган, фаолиятдаги кишилар сифатида тақдим этади”. Д. объектнинг пластик образини яратади, унда субъект – ижодкор шахси ҳам объектга сингдириб юборилади. Д. адабиётга ҳам, театр санъатига ҳам бирдек тааллуқли: уни ўқиб ҳам қабул қилиш мумкин, айни чоғда, у театр асари – спектаклнинг асоси. Бошданоқ саҳнага мўлжаллаб ёзилиши драматик асарнинг қурилиши, поэтик ўзига хослигини белгиловчи энг муҳим омилдир. Чунки у саҳна ижросини ҳам кўзда тутиши зарур. Бу нарса Д.нинг ташқи қурилишидаёқ кўринади (парда ва кўринишларга бўлинганлик, ремаркаларнинг ижрони кўзда тутган ҳолда берилиши). Ижрога мўлжалланганлик Д.нинг ички структурасини ҳам белгилайди. Жумладан, Д.даги ҳаракат – сюжет воқеалари макон ва замонда чекланган, ижро вақтига сиғиш учун сюжетнинг кескин конфликт асосида шиддат билан ривожланиши тақозо этилади. Д.да концентрик сюжет типи етакчилик қилади, сюжет воқеалари сабаб-натижа муносабатлари асосида бир марказга уюштирилади. Сабаб-натижа муносабати воқеаларнинг юз бериш жойи ва вақти жиҳатидан яқин бўлишини талаб қилади. Яъни драматург асарни яратаётганидаёқ сюжет воқеаларининг ижро вақтига сиғиши ҳақида қайғуриши, сюжет воқеаларини кескин конфликтлар асосида шиддат билан ривожлантириши заруратга айланади. Д.да сюжет воқеалари юз берадиган макон ҳам чекланган: биринчидан, воқеалар кечадиган жойни саҳнада шартли қайта яратиш (жой иллюзиясини ҳосил қила оладиган декорациялар ёрдамида) мумкин бўлиши лозим; иккинчидан, воқеалар маконий ўзгаришлар жиҳатидан ҳам чекланган, яъни улар кўпи билан тўрт-беш жойдагина кечиши мумкин. Бир парда давомида содир бўлувчи воқеаларнинг битта жойда кечиши, сюжет воқеалари шу жой билан боғлиқ ривожланиши эътиборга олинса, Д.нинг сюжет қурилишига ижро имкониятлари кучли таъсир қилиши аён бўлади.
Драматург асарда жонлантирмоқчи бўлган ҳаёт материалининг айрим унсурларини саҳнада қайта яратиш имкони йўқлигидан Д.нинг “шартлилик” даражаси жуда юқори бўлади. Чунки муаллиф ишоралар ёрдамида уларни ҳам томошабин (ўқувчи) тасаввурида уйғотиши, саҳнада бевосита жонлантирилиши мумкин бўлган воқеаларни тўлдириши зарур бўлади. Мас., муаллиф ремаркаларида “саҳна ортида отлар дупури, қиличлар жаранги”, “саҳна ортидан кескин тўхтаган машина овози эшитилади” қабилидаги ишоралар берилади, уларнинг ёрдамида саҳнада жонланмаган нарса шартли (яъни ўқувчи тасаввуридагина) жонлантирилади. Д.да сюжетга киритиш имкони бўлмаган воқеа ёки тафсилотларнинг персонажлар тилидан мухтасар берилиши ҳам шартлиликнинг бир кўриниши бўлиб, у персонаж нутқига таъсир қилади. Чунки бу воқеа ва тафсилотлар персонажларга маълум (жонли мулоқотда уларни эслатиш шарт эмас), бироқ улар ўқувчи (томошабин)да тасаввур ҳосил қилиш учун зарур ва шу зарурият туфайли суҳбат табиийликдан чиқиб, шартлилик касб этади. Яъни тафсилотларни шу йўсин (персонажлар тилидан) бериш мажбурияти драматик асар персонажлари нутқининг бироз “сунъий”, “саҳнавий” бўлишига олиб келади. Д.нинг асосий нутқ шакли – диалог. Унда қўлланувчи монологик нутқ ҳам шартлилик кўринишидир. Монологик нутқ шаклида персонажларнинг мушоҳадалари бериладики, овоз чиқариб ўйлаш ҳам шартлиликнинг бир кўринишидир. Айни пайтда, Д.даги монологик нутқ қурилиши ўзига хос: у кўпроқ пресонажнинг ўзи билан ўзи ёки хаёлидаги ким биландир суҳбати, баҳси, кимгадир мурожаати тарзида қурилади. Яъни битта персонаж тилидан айтилгани ҳолда ҳам драмадаги монологик нутқ диалогик асосга эгадир.
Драматик асарнинг ўқилиши ва саҳна талқинида бир қатор ўзига хосликлар мавжуд. Д.ни ўқиётган ўқувчининг ижодий фаоллиги билан шу асар асосидаги спектаклни томоша қилаётган томошабиннинг ижодий фаоллиги бир хил эмас. Ўқувчи ўқиш жараёнида “режиссёр” вазифасини зиммасига олади, драмани тасаввуридаги саҳнада жонлантиради; айни пайтда, у “актёр” сифатида ҳар бир персонаж ролини ўйнаши ҳам керак. Д.да объектив ибтидонинг устуворлиги унинг турли ўқувчилар тасаввурида турлича “саҳналаштирилиши”га асос бўлади. Саҳналаштирилган драматик асарда бадиий мулоқот занжири узаяди: томошабин ва драматург орасида режиссёр (актёрлар, рассом, бастакор ва ҳ.) ўрин олади. Бошқача айтсак, саҳналаштирилган драматик асар сўз санъати доирасидан чиқиб синтетиклик касб этади, сабабки, энди унда театр, рассомлик, мусиқа санъатлари уйғунлашиб кетади. Аён бўладики, драма бошқа санъат турлари билан ўзаро алоқада яшайди ва ривожланади. Зеро, драманинг табиати, яъни ижро учун мўлжаллангани, унинг шу санъат турлари билан узвий алоқада бўлишини тақозо этади.
Д.нинг асосий жанрлари сифатида трагедия, комедия ва драма (жанр маъносида) кўрсатилади. Драматик асарларни жанрларга ажратишда уларнинг асосий эстетик белгиларига таянилади. Трагедиянинг асосий эстетик белгиси – трагиклик, комедиянинг асосий эстетик белгиси – комиклик, драманинг асосий эстетик белгиси эса драматиклик саналади. Булардан ташқари, кичик драматургик жанрлар, шунингдек, турли жанр модификациялари ҳам мавжуд. Жумладан, жанр модификацияси сифатида мусиқали драма, мусиқали комедиялар кўрсатилиши мумкин. Мусиқа жўрлигида ижро этишга мўлжаллангани, диалог ва монологлар ўрнини қисман вокал (ария ва дуэтлар) эгаллаши уларнинг ўзига хослигини, синтетик санъат намунаси эканлигини кўрсатади. Айрим санъат турларининг, оммавий ахборот воситаларининг ривожланиши натижасида драматургиянинг янги жанрлари пайдо бўлди, борлари фаоллашди. Мас., эстрада санъатининг ривожи натижасида монолог (бир актёр театри) жанри дунёга келди, қўғирчоқ театрлари ривожи ва модернизацияси унинг учун ёзиладиган пьесаларни фаоллаштирди, телевидениенинг ривожи миниатюраларни, турли маданий-маърифий тадбирларнинг оммалашуви эса интермедия жанрини фаоллаштирди; 2) драматик турнинг учта асосий жанридан бири, тарихий тараққиёт жараёнида драматик турнинг қадимда пайдо бўлган трагедия ва комедия жанрларига бир-бирининг зидди деб қаралган бўлса, Д. уларнинг синтези сифатида XVIII асрга келиб майдонга чиққан. Синтезлашув, айниқса, Д.нинг мустақил жанр сифатидаги илк шаклланиш даврида яққол кўринади. Жумладан, комедия сингари Д. ҳам одамларнинг шахсий ҳаётини тасвирлайди, бироқ ундан фарқли равишда камчилигу нуқсонлардан кулишни эмас, балки жамият билан мураккаб муносабатлардаги шахсни тасвирлашни мақсад қилади. Трагедиядаги каби ўткир зиддият ва тўқнашувлар қаламга олингани ҳолда, Д.даги конфликт муайян ечимга эга, у ёки бу даражада ижобий ҳал қилиниши мумкин бўлган конфликтдир. Трагедия қаҳрамонлари фавқулодда кучли шахслар (бунга зид равишда комедияда тубан табақа кишилари) бўлиши талаб этилса, Д. қаҳрамонига бу хил талаблар қўйилмайди – унинг қаҳрамони ҳаётийроқ. Реализм босқичига яқинлашган сари драматургияда трагедия ўрнини, етакчилик мавқеини Д. эгаллай бошлайди. Чунки Д. реалликдан олинувчи турли мавзуларни, характер ва зиддиятларни бадиий талқин қилишга кенг имкониятлар очиши, худди ҳаётнинг ўзидаги каби трагизм ва комизм элемантларини уйғунлаштира олиши, реал ҳаётга яқинлиги билан драматик жанрлар орасида алоҳида ўрин тутадики, унинг реалистик адабиётда етакчи мавқе эгаллаши шу билан изоҳланади.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.