← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Dramatizm

Dramatizm – badiiylik modusi. Dramatiklik modus sifatida idilliya, elegiya bilan bir guruhni tashkil etadi (q. badiiylik moduslari). Dramatik “men” oʻzligini boshqa bir “men” bilan oʻzaro munosabatdagina anglaydi va namoyon etadi. Uning uchun dunyo olam tartiboti emas, balki oʻzganing (yoki oʻzgalarning – jamiyatning) hayoti sifatida idrok etiladi. Dramatik shaxs oʻzga bilan munosabatda oʻzligini namoyon etish imkoniyatlarining chegaralanganligidan qiynaladi. Mas., “Oʻtgan kunlar”dagi Otabek tragik qahramon singari olam tartibotiga qarshi turayotgani yoʻq, balki oʻzgalar nuqtai nazariga (maishiy hayot doirasida eskicha urf-odatlarga, ijtimoiy doirada eskicha idora tizimiga) qarshi turadi. Tragizmda olam tartiboti qadriyatlar, anʼanalar koʻrinishida qahramon ongida uning shaxsiy mayl va istaklari, intilishlari bilan ziddiyat yuzaga keltiradi. Dramatik qahramon esa oʻziga qarshi turgan kuchlarning qadriyatlarini oʻzganing qadriyati sifatida anglaydi va ularni qabul qila olmaydi (mas., “Oʻtgan kunlar”da Otabek, “Dahshat”da Unsin). Shunga koʻra, dramatik konflikt tragik konflikt kabi kelishtirib boʻlmas ziddiyat emas, undan hal etish imkoniyatlarining mavjudligi bilan farqlanadi. Dramatizmda ayb va xato tragizmdagi kabi oʻnglab boʻlmas fojea, jinoyat sifatida tushunilmaydi. Dramatizmda xato va ayblar, qahramon boshdan kechirgan mojarolar saboq chiqarish uchun ham zarur. Shuning uchun dramatizmda muallif qahramonni, koʻpincha, yangi yoʻl boshida qoldiradi (mas., “Diyonat”da Otaqoʻzi Umarovning Normurod domla qabri tepasidagi oʻylari, “Dahshat”da Nodirmohbegimning dodxo xonadonidan bosh olib ketishi). Demak, dramatik konflikt xarakteriga koʻra shaxsning oʻzligini namoyon etishini chegaralayotgan tashqi kuchlar bilan ziddiyatidir. Dramatik qahramon hayotda oʻziga belgilangan rolning ijro chegaralariga sigʻmaydi, dramatizmning yuzaga kelishi uchun elegiyaviy uzlatnishinlikni yengish talab etiladi. Yaʼni elegiyaviy qahramondan farqli oʻlaroq, dramatik qahramon oʻzining tashqi, oʻzgalar bilan aloqadagi hayoti uchun masʼullikni his qiladigan shaxsdir. Elegiyaviylikdagi kabi mavjudlikning dramatizmga xos koʻrinishi ham – yolgʻizlik, biroq bu elegiyaviylikdagi ilojsiz yolgʻizlik emas, balki oʻzga “men” bilan birgalikdagi yolgʻizlik. Negaki, dramatik vaziyat oʻziga xos “men” bilan oʻziga xos “sen”ning oʻzaro muttasil almashinib turuvchi yaqinlashish va uzoqlashish jarayonidir (Normurod Shomurodov – Otaqoʻzi).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish