← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ekspozitsiya

Ekspozitsiya (lot. expositio – bayon, tushuntirish) – syujet komponenti, personajlarning bevosita tugun yuzaga kelishi vaqtida kechgan hayoti, asosiy konflikt yetilgan shart-sharoitlar tasviri. E. oʻquvchini asar voqealari kechadigan joy, voqea ishtirokchilari boʻlmish personajlar, konfliktni yuzaga keltirgan shart-sharoitlar bilan tanishtiradi, uni syujet voqealarini idrok qilishga tayyorlaydi. E. hajm eʼtibori bilan turlicha boʻlishi, asarning turli oʻrinlarida kelishi, baʼzan umuman tushirib qoldirilishi mumkin. Mas., “Mehrobdan chayon”da E. juda katta oʻrinni – xondan sovchilar kelgunga qadar boʻlgan epizodlarni oʻz ichiga olib, personajlarning oldingi tarixi bilan aralash tarzda beriladi. “Qutlugʻ qon”da u juda qisqa va tugundan keyin beriladi, “Qoʻshchinor chiroqlari”da esa ekspozitsiya umuman tushirib qoldiriladi. E. personajlarning oʻtmish hayoti haqida maʼlumot beruvchi oldingi tarixdan bevosita asar badiiy vaqtiga aloqadorligi bilan, prologdan matnning alohida kompozitsion boʻlagi sifatida ajratilmasligi bilan farq qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish