← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ekspressionizm

Ekspressionizm (fr. expression – ifodalash) – XX asr boshlarida nemis adabiyotida shakllanib, boshqa milliy adabiyotlarga ham yoyilgan adabiy yoʻnalish. E. faqat adabiyot doirasi bilan cheklanmaydi, u sanʼatning boshqa turlarida ham kuzatilgan va shu bois ham adabiy-estetik yoʻnalish hisoblanadi. E. dastlab Drezdendagi “Koʻprik”, Myunxendagi “Moviy chavandoz” nomlari bilan faoliyat olib borgan musavvir va haykaltoroshlar uyushmalari hamda “Shturm” (1910 – 1932) jurnali tevaragiga uyushgan ijodkorlar doirasida paydo boʻlgan. E.ning maydonga chiqishi oʻtgan asr birinchi choragi gʻarb mamlakatlari ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida kuzatilgan inqiroz bilan bogʻliq boʻlib, uni ijodkorlarning mavjud holatga nisbatan noroziligi, oʻziga xos isyoni sifatida tushuniladi. E. namoyandalari ijodida oʻtkir ijtimoiy-tanqidiy pafosning ustuvorligi, bu pafosning insoniyatga beadad kulfatlar keltirgan jahon urushiga, ijtimoiy adolatsizlikka, mavjud ijtimoiy tartibotlar shaxsni toptashi, uning erkini boʻgʻishiyu yolgʻizlatib qoʻyishiga, jamiyatda maʼnaviy inqiroz kuchayib borayotgani va sh.k.larga qaratilgani buning yorqin dalilidir. Boshqa modernistik yoʻnalishlar singari E. ham oʻtmish madaniyati, xususan, naturalizm bilan aloqasini uzganini eʼlon qildi. Shunday boʻlsa-da, mutaxassislar E. sirtdan nechogʻli gʻaroyib boʻlmasin, adabiy-madaniy anʼanadan butkul uzilib ketmagani, xususan, unda Maʼrifatchilik davri komediyasiga, diniy teatr dramalariga xos obrazlar tizimi, ifoda yoʻsini mavjudligini taʼkidlaydilar. Albatta, bu bejiz emas, chunki bu janrlarga xos daʼvat, umumlashma obrazlar orqali muayyan gʻoyalarni singdirishga intilish E. isyonini ifodalash uchun qulay edi. Zero, davr ruhiga mos holda E., ayniqsa, uning soʻl qanoti dunyoni oʻzgartirish zarurligini eʼtirof etadi, obrazlar orqali qalb “qichqirigʻi”ni ommaga yetkazishga intiladi. E. adabiyot va sanʼatda obyektiv voqelik emas, balki muallif qalbi, uning ichki “men”i ustuvor boʻlishi lozim, degan aqidani oldinga surdi. Yaʼni obyektiv voqelikni tasvirlash emas, ijodkor qalbini ifodalash (ayni shu narsa yoʻnalishga nom bergan) muhim, ifodalash tasvirlashdan, intuitsiya mantiqdan ustun boʻlmogʻi lozim deb bildi. Voqelikni toʻlaqonli tasvirlamay uning subyektiv talqinini berishga intilish tufayli E.da obraz konkretlilik xususiyatini yoʻqotadi, unda tushuncha, gʻoya, maʼnaviy-axloqiy prinsiplar oʻrnini abstraksiyalar egallaydi. Shu bois badiiy konsepsiya ifodasida umumlashma obrazlar (konkret inson emas – umuman Odam, umuman Ishchi, umuman Ziyoli va h.k.), ramzlar, fantastika, groteskning ahamiyati ortadi. E. vakillari yaratgan badiiy voqelik markazida beshafqat dunyo ziddiyatlaridan pora boʻlgan “qalb” turadi, badiiy voqelik esa voqelikning deformatsiyalangan va gʻoyat kuchli emotsionallikka yoʻgʻrilgan aksidir. Mazkur fonda “qalb”ning ijtimoiy shart-sharoitlarga bogʻlanib qolgan inson fojiasidan noroziligi, jamiyatning ertasidan ogoh etayotgan “qichqirigʻi” baralla yangraydi. E. hayotning murakkab muammoyu ziddiyatlarini badiiy idrok etishga intilmaydi, ulardan kelgan taassurot, iztirobu alamlarni – muallif uchun muhim boʻlgan gʻoyani shartli yoʻsinda, mubolagʻali kuchaytirib ifodalash bilan cheklanadi.

E.ga xos isyonkor ruh fashistlar hokimiyatga kelgan Germaniyada quvgʻin qilindi, tushkunlikni targʻib etadigan, natsizm mafkurasiga mos kelmaydigan, unga xizmat qilmaydigan hodisa sifatida taqiq ostiga olindi. E.ning ijodiy tajribalari koʻplab adiblar, jumladan, F.Kafka (ayrim mutaxassislar uni E. vakili sanaydilar), I.Bexer, G.Gesse kabi ulkan isteʼdodlar ijodiga samarali taʼsir koʻrsatdi. E.ga xos kayfiyat, ruh, uning tajribasidan oʻtgan usul va vositalar boshqa milliy adabiyotlar tomonidan ham ijodiy oʻzlashtirildi va turli adabiy-estetik tizimlar doirasida qoʻllandi. E. anʼanalarining izlari hozirgi adabiyotda ham sezilib turadiki, bu uning jahon badiiy tafakkuriga singib ketgani, uni maʼlum darajada boyitganidan dalolatdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish