← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Elegiya

Elegiya (ot frigiyaliklar tilidagi “elégn” – qamishdan yasalgan nay) – hozirgi maʼnosida koʻproq falsafiy mazmundagi, qaygʻuli oʻylarni ifodalovchi sheʼr; mazmun jihatidan tasniflanuvchi lirik janr. Adabiyot taraqqiyoti davomida E. termini maʼno oʻzgarishlariga uchragan. Jumladan, antik yunon adabiyotida mazmunidan qatʼi nazar, har qanday ikkilik lirik sheʼr E. deb yuritilgan. Antik Rim adabiyotidagi E.larda esa, asosan, muhabbat mavzusi qalamga olingan. Hozirgi tushunchadagi E.ning mazmuniy belgisi Ovidiyning “Qaygʻuli elegiyalar”idan keyin qaror topdi va u endi “gʻamgin qoʻshiq” maʼnosiga ega boʻldi. Xuddi shu maʼnodagi E. XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Yevropa adabiyotida, E.ni saroy qasidalariga qarshi qoʻygan sentimentalistlar orasida, ayniqsa, keng ommalashdi. Shu tariqa E. janrga xos shakl qatʼiyligini yoʻqotdi va mazmun aniqligiga erishib, koʻproq falsafiy qarashlar, qaygʻuli oʻy-iztiroblarni aks ettiradigan sheʼr maʼnosida tushunila boshladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish