← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Elegiyaviylik

Elegiyaviylik (ruschadan kalka “elegicheskoye”, “elegichnost”) – badiiylik modusi. E. idilliyaviylik va dramatizm bilan birgalikda qahramonlik, satira va tragizmdan farqlanuvchi moduslar guruhini tashkil etadi. Agar qahramonlik modusidagi asar arxitektonikasini belgilovchi asosiy motiv jasorat, satirada munofiqlik, tragizmda aybdorlik (xato yoki jinoyat) boʻlsa, E. uchun eng muhim motiv – yoʻqotishdir. Biroq yoʻqotishning oʻzi E. modusini belgilay olmaydi (yoʻqotish motivi tragizm yoki dramatizmda ham boʻlishi mumkin). E. uchun muhimi yoʻqotishdan keladigan iztirob, ayni shu narsa E. modusidagi asar qahramoni uchun oʻz “men”ini namoyon qilish usuliga aylanadi. Elegiyaviy qahramonga makon yoki zamonda atrofdagilardan chetlashish – uzlatnishinlik yoki bir joyda qoʻnim topmay, jahongashta boʻlib yashash xos, shuning oʻzida qahramonning atrof-muhitga qarshi sokin isyoni botindir (mas., X.Sultonovning “Yozning yolgʻiz yodgori” qissasidagi Adash Karvon va Sattor obrazlari).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish