← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ellipsis

Ellipsis (yun. elleipsis – tushirish, tushib qolish) – stilistik figuralardan biri, nutqda jumla tarkibidagi soʻz (boʻlak)ni atayin tushirib qoldirish. Yaʼni E. muayyan badiiy-estetik maqsadni koʻzlagan holda amalga oshadi, ikkinchidan, soʻz (boʻlak) tushirib qoldirilsa-da, uning borligi nazarda tutiladi va anglashilib turadi. Oʻzbek sheʼriyatida koʻproq bosh boʻlaklardan birining tushirib qoldirilishi hisobiga voqe boʻluvchi E.lar kuzatiladi. Mas.:

Bulbullarmi?! Yetar!

Gullarmi?! Boʻldi!

Soʻz navbati – yurakka...

Keltirilgan parchada kesim (beriladi) tushirib qoldirilgan va natijada “yurakka” soʻzi mantiqiy urgʻu oladi, sheʼrning dastlabki misralaridagi ohang shiddatining saqlanishiga erishiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish