← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Epifora

Epifora (yun. epiphora – qoʻshimcha) – takrorning xususiy koʻrinishlaridan biri, sheʼrdagi bir necha misra oxirida bitta soʻz yoki soʻz birikmasining takrorlanishi. Mumtoz shaʼriyatimizdagi radif muayyan maʼnoda E.ning koʻrinishi sanalishi mumkin, faqat radifning qofiyadan keyin oʻrin olishi shart, E.ga esa bunday shart qoʻyilmaydi. Shunga qaramay, mumtoz sheʼriyat anʼanalarining davomchisi boʻlgan hozirgi oʻzbek sheʼriyatida E. qofiyadan soʻng keluvchi soʻz (birikma) takrori sifatida kengroq tarqalgan. Mas.:

Oltin oyga olma otar Oybodom,

Oybotarda yigʻlab yotar Oybodom.

Oyqizlarning oyparisi Oybodom,

Kunbotardan kuyib oʻtar Oybodom (E.Shukur).

Ushbu parchada qofiyadan keyin Oybodom soʻzining takrorlanishi E. boʻlib, u joylashish oʻrni jihatidan radifga oʻxshaydi. Biroq radif butun sheʼr davomida takrorlansa, bu sheʼrda takror bir band davomidagina kuzatiladi. Shunga koʻra, uni radif emas, E. hisoblash toʻgʻriroqdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish